Issiqlik ta’minotida uzilishlar bo‘lmaydi
Toshkent viloyati aholisini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida hududiy issiqlik ta’minoti tashkilotlari faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Buning uchun hududiy uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi va issiqlik ta’minoti korxonalarida kunu-tun faoliyat yuritayotgan dispetcherlik va avariya xizmatlari navbatchiligi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barkaror ishlashga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish davomida "Issiqlik manbai" ishlab chiqarish birlashmasi Bo‘stonliq tumani uchastkasi POESI qozonxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Avvallari hududda aholiga issiqlik yetkazib berishda muammolarga duch kelinayotgan edi. Ushbu vaziyatni hisobga olgan holda "Issiqlik manbai" ICHBning zarar miqdorini qisqartirish va 2020-2021 yillardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturiga asosan 2 dona KVG-6.5 rusumli qozonlar o‘rnatilgan edi.
Mazkur qozonlar 20 ta ko‘p qavatli uy hamda 18 ta ijtimoiy ob’ektlarni issiqlik bilan ta’minlashda quvvati pastligi sababli, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.Saliyev hamda viloyat hokimining topshiriqlari asosida yana yordamchi zamonaviy energiya tejamkor qozoni o‘rnatildi.
Shu bilan birga, qo‘shimcha ravishda issiqlik energiyasi yo‘qotilishini oldini olish maqsadida qozonxonaga 7,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari qoplama(izolyatsiya)lari ham qoplanmoqda.
Hozirda ishlar yakuniga yetish arafasida bo‘lib, joriy yilning 10 dekabriga qadar iste’molchilarga issiqlik ta’minoti yetkazib beriladi.
A. Musayev, O‘zA