Isroil harbiy amaliyot tufayli 57 milliard dollar yo‘qotdi
“Bloomberg” agentligi Isroil banki tomonidan taqdim etilgan 2025-yilgi hisobotga tayanib xabar qilishicha, G‘azo sektoridagi ikki yillik harbiy amaliyot va Livanga bostirib kirish harakati mamlakat iqtisodiyotiga misli ko‘rilmagan darajada og‘ir zarba bergan. 2023-2025-yillar oralig‘idagi umumiy moliyaviy yo‘qotish 177 milliard shekel, ya’ni taxminan 57 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yillik yalpi ichki mahsulotning 8,6 foiziga teng.
Hujjatda keltirilishicha, mazkur raqam nafaqat bevosita harbiy xarajat, balki iqtisodiy o‘sish sekinlashuvi va infratuzilmaviy zararni ham ifodalaydi. Harbiy mahkama vaziyatni nazorat qilish maqsadida 2026-yil uchun qayta ko‘rib chiqilgan davlat byudjetiga urushni moliyalashtirish uchun yana qo‘shimcha 13 milliard dollar ajratdi. Demak, g‘aznaga bosim yanada ortishi ehtimoli kuchli.
Iqtisodiy inqiroz chuqurlashishi nafaqat ichki resurs sarfi ortgani, balki xalqaro savdo aloqasi sustlashuvi bilan ham bog‘liq. Ta’kidlanishicha, Isroil uchun strategik muhim hisoblangan Yevropa Ittifoqining sakkiz davlatiga eksport sezilarli darajada qisqargan. Xususan, tashqi savdo aylanmasi 2024-yil 1 milliard, 2025-yil 1,5 milliard dollar kamaygan. Garchi, ba’zi o‘lkalar bilan savdo-sotiq o‘sgan bo‘lsa-da, an’anaviy bozorlardagi yo‘qotish umumiy iqtisodiy manzarani murakkablashtirmoqda.
To‘g‘ri, mazkur hisobot hozircha Isroil va Eron o‘rtasida to‘rt haftadan buyon davom etayotgan havo hujumi va javob zarbasi moliyaviy oqibatini qamrab olmagan. Binobarin, umumiy zarar miqdori yanada oshishi kutilyapti.
Xullas, davom etayotgan harbiy mojaro Isroilni uzoq muddatli iqtisodiy turg‘unlik va xalqaro bozordagi pozitsiya zaiflashuvi kabi jiddiy xatar qarshisida qoldirmoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA