Ispaniya va Portugaliyada qurg‘oqchilik
Portugaliyada yog‘ingarchilik kamayib borayotgani tufayli mamlakatda so‘nggi 20 yil ichida eng kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. Rasmiylar bu borada shoshilinch choralar ko‘rmoqda, deya xabar berdi “Euronews”.
Mamlakat markazidagi suv omborlari qurib, fermerlar va mahalliy aholi ancha xavotirga tushib qolgani aytilmoqda. – Zezere daryosi sohillari chekindi, – deya keltiriladi manbada.
Mamlakatda elektr energiyasining 30 foiziga yaqini GESlarda ishlab chiqariladi, hozirda beshta stansiya ishlamayapti. Bundan oldin hudud 2017 yilda sodir bo‘lgan o‘rmon yong‘inidan ham jiddiy zarar ko‘rgan edi.
Ispaniyada ham shu ahvol, aholining katta qismi qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Aniqlanishicha, mamlakatda yanvar oyida odatdagi yog‘ingarchilikdan to‘rt baravar past ko‘rsatkich qayd etilgan.
Galisiya provinsiyasida o‘tgan asrda suv ombori ostiga g‘arq bo‘lgan qishloq ko‘rina boshlagan. Olimlarning fikricha, qurg‘oqchilik – iqlim o‘zgarishi oqibati emish. Meteorologlar yaqin kunlarda vaziyat yaxshilanmasligidan ogohlantirgan.
Shu sababli Portugaliya va Ispaniya hukumatlari inqirozga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga qaror qildi.