Ispaniya texnologiyalari tavsiya etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tavsiyasiga muvofiq O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tizimidagi Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazida Ispaniya davlatining bir qator tashkilotlari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchilarga Ispaniya davlatining texnika va texnologiyalari haqida ma’lumotlar berildi. Markaz ob’ektlarida soha vakillariga yaratilgan tajriba maydonlari ham ko‘zdan kechirildi.


Uchrashuvda agrar soha vakillari, fermer xo‘jaliklari uchun muhim bo‘lgan zamonaviy texnika va texnologiyalarning ishlash jarayonlari ko‘rsatib o‘tildi. Kelgusida kengash va hududlarda tashkil etiladigan amaliy o‘quv maskanlarida doimiy xalqaro ekspertlar yordamida mahorat darslari o‘tkazish haqida kelishib olindi.
Shuningdek, Ispaniya davlatining yirik texnika va texnologiyalar ishlab chiqarish korxonalari hamda jihozlari mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan agrar soha vakillariga tavsiya etildi.Tijorat banklarimiz orqali Ispaniya davlatining kredit manbalarini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.


Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri