Islohotlar yo‘lida hamkorlik
Urganch shahridagi viloyat “Kengashlar uyi”da “Xalq deputatlari Kengashlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi kotibiyati hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Xalq deputatlari Xorazm viloyati, tuman va shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari va xodimlari, siyosiy partiyalar va deputatlik guruhi rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
– Davra suhbatida mahalliy Kengash va kotibiyatlar faoliyatini kuchaytirishning muhim jihatlari, aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda mahalliy Kengashlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi, hududiy ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat grantlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassisi Asqarbek Sultonov. – Shuningdek, tadbir davomida mahalla yettiligi va mahalliy Kengashlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, kengashlar tomonidan qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-29810]
Tadbirda ekspertlar tomonidan mahalliy kengashlarning samarali faoliyat yuritishida kotibiyatlar, siyosiy partiya deputatlik guruhlari va doimiy komissiyalar rolini yanada oshirish, vakillik organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda nodavlat-notijorat tashkilotlarning faolligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari