Islohotlar o‘z samarasini bermoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi “Elektr energetikasi sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish hamda elektr ta’minoti sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, elektr ta’minoti murakkab bo‘lgan 101 ta mahallada olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari hududlar infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tarmoqlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, eskirgan tizimlar zamonaviy muhandislik yechimlari bilan almashtirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, jami 270,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini tortish hamda 81 ta transformator punktini o‘rnatish belgilangan. Joriy yilning birinchi choragida 89,5 kilometr yangi tarmoqlar tortildi, 2084 ta temir-beton ustun o‘rnatildi va 4 ta yangi transformator punkti ishga tushirildi.
– Bu ishlar, ayniqsa, elektr kuchlanishi past hududlarda ta’minot barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali kapital qurilish masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abror To‘rabekov. – Shu bilan birga, yo‘qotishlarni kamaytirish va texnik nosozliklarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.
Viloyat hokimligi, prokuratura va mutasaddi idoralar hamkorligida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 1149 ta transformator punkti o‘rganilib, ularning texnik holati va yuklamasi baholandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Sohada raqamlashtirish jarayonlari ham izchil davom etmoqda. 56 ta konsentrator qurilmasi, 126 ta aloqa moduli va 922 ta elektron hisoblagich o‘rnatilib, 1118 ta hisoblagich ASKUE tizimiga ulandi. Shuningdek, 1213 ta qurilmaning aloqa tizimi qayta tiklandi.
– Moliyaviy intizomni mustahkamlash borasida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 16,4 milliard so‘mga qisqartirildi, – deydi Abror To‘raqulov.

Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali o‘rtasida joriy etilgan dual ta’lim tizimi talabalarning ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi ham nazoratda. Birinchi chorak davomida kelib tushgan 410 ta murojaatning aksariyati ijobiy hal etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA