Islandiya elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Islandiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Aurni Tor Sigurdssonni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlarini qabul qilib, elchini mas’uliyatli yuqori lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyatli faoliyat tiladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston-Islandiya hamkorligining joriy holati, istiqboli hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro munosabat muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, jumladan, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, qayta tiklanadigan energiya sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalarni, ikki tomonlama munosabatlar huquqiy bazasini, ta’lim, kadrlar tayyorlash, turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ma’lum qilindi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
TIV matbuot xizmati