«Ishtiyoq» – kitobxonlar uchun yangi tuhfa
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Jurnalistlar, Yozuvchilar uyushmalarining a’zosi, «Eng ulug‘, eng aziz», «Vatan uchun yashaylik», «Posboniman muqaddas yurtning» kabi respublika tanlovlarining sovrindori, shoir va jurnalist Turob Niyozning «Noshir» nashriyotida chop etilgan «Ishtiyoq» nomli she’riy kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida taniqli shoir va adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimov, filologiya fanlari nomzodi, professor Adhambek Alimbekov, taniqli shoir va olim Mahmud Yo‘ldoshev, adabiyoshunos olim, professor Hulkar Hamroyeva, ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunos olim va adib Jovli Xushboq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Umida Abduazimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodi Otamurod, Taniqli adib va jurnalist, Abdujalol Taypatov, el tanigan jurnalist va olima Guljahon Mardonovalar so‘zga chiqib, Turob Niyoz ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida gapirdi.Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston xalq artisti, el suygan xonanda Zamira Suyunova, taniqli xonanda Abdulla Rahimjonovlar Turob Niyoz she’rlari bilan tayyorlagan qo‘shiqlarini ijro etishdi.
[gallery-16630]
E’tirof etilganidek, Turob Niyoz ijodida xalqimizning boy ma’naviy merosiga, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodiyotining bebaho namunalari bo‘lmish maqollar, rivoyatlarga tayanish, fikrni sodda, ravon, xalqchil, vazmin, g‘oyat samimiy tarzda ifodalash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Turob Niyozning mazkur yangi kitobidan she’r, g‘azal, to‘rtlik va ikkiliklar o‘rin olgan. Shu bilan birga mazkur kitobga «O‘zbek xalq og‘zaki ijodidan ilhomlanib» sahifasi ham kiritilgan bo‘lib, unda to‘y, bayramlarda aytiladigan lapar, yor-yorlarga o‘xshash, xalqona yo‘lda yozilgan to‘rtliklar hamda davom ettirilgan maqollar mavjud.
Ma’lumki, o‘zbek xalq maqollari asrlar mobaynida sayqallanib, jilo topib bizgacha yetib kelgan.
– Ushbu maqollarni davom ettirish jarayonida shunga amin bo‘ldimki, ular nafaqat to‘rtliklarga, balki she’r va dostonlarga ham asos vazifasini o‘tay oladi, – deydi Turob Niyoz. – Chunki ulardagi kuchli badiiylik, aniqlik, lo‘ndalik va joziba shundan dalolat beradi. Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, maqollarni davom ettirishga shoirlar tomonidan hali qo‘l urilmagan. Bu birinchi tajribadir.
N.Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA