Ishtiyoq bo‘lsa, ish ko‘p
Samarqandda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida 410 dan ziyod ishtirokchi o‘ziga munosib ish topdi.
Samarqandda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimligi, prokuratura hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 300 dan ortiq korxona, tashkilot, muassasa 3 ming 800 bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.
– 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi asosida viloyatimizning barcha tuman, shaharlarida yil boshidan buyon 34-marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi, – deydi viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Rahmatullayev. –Bu tadbirlar natijasida 1 ming 700 fuqaro ishga yo‘llanma olib, o‘z mutaxassisligi va turdosh kasblar bo‘yicha faoliyat boshladi. Ishga yo‘llanma olganlarning asosiy qismi kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir.
Yarmarkada tijorat banklari mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga kredit olish va boshqa masalalarda zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
– Kollejni jismoniy tarbiya mutaxassisligi bo‘yicha bitirganman, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Flora Xidirova. – Yarmarkada qatnashib, o‘z yo‘nalishim bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim va shahardagi 26-maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga yo‘llanma oldim.
Tadbir davomida 410 dan ziyod ishtirokchi o‘ziga munosib ish topdi.