Ishsizlikdan holi hududlar ko‘paymoqda
Qaror va ijro
Toshkent viloyatidagi qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish va daromadini oshirish borasida, oilaviy tadbirkorligi rivojlangan xonadonlarning tajribasi ommalashtirish, hududlarning ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi salohiyatiga qarab “o‘sish nuqtalari” aniqlanib, uni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 559 ming 210 nafarni tashkil qiladi. Xususan, soliq organlari xodimlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida eng chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi kabi 60 dan ortiq faoliyat turi bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda.

Birgina Yuqori Chirchiq tumani bo‘yicha bu yil 1 ming 153 ta oila, 5 ming 256 nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilishi rejalashtirilgan. Kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,8 foizdan 4,1 foizga tushiriladi. Yuqori Chirchiq tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi Sharofjon O‘rmanovning ta’kidlashicha, o‘tgan davrda 797 ta oila 1 ming 390 ta xizmatlar bilan qamrab olindi. Shundan oila a’zolarning 423 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 124 nafariga imtiyozli kredit mablag‘lari, 8 nafariga subsidiya berildi, 26 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 809 nafari tadbirkorlikka jalb etildi.

Hududda ishsizlik darajasi joriy yil yakuni bilan 4,0 foiz bo‘lishi kutilyapti, 17 ta mahalla ishsizlikdan holi hududga aylantiriladi. Jumladan, tumandagi “Darxon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Ayman Amriyev xonadoni bugungi kunda nafaqat an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi, balki bozor talablari asosida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
– Azaldan ota-bobolarim yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanib kelgan, – deydi hunarmand Ayman Amriyev. – Ularning ishini hozir men va oilamdagilar bilan birga davom ettiryapmiz. Yaqinda faoliyatimizni rivojlantirish maqsadida 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, xonadonimizda yangi sex tashkil qildik. Buning natijasida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning sifati va turini ko‘paytirdik. Sexda hozir turli daraxtlardan idishlar, eshik-rom, stol-stul va boshqa maishiy buyumlar tayyorlanmoqda. 10 nafar oila a’zolarimdan iborat ish o‘rni yaratilgan.

Oxirgi paytda bu oila oyiga 300 dan ziyod mahsulot tayyorlamoqda. Bu mahsulotlarning umumiy qiymati oyiga 70-80 million so‘mga yetadi. Bu esa bir necha oila a’zosining barqaror bandligi va daromadini ta’minlaydigan faoliyatdir. Bundan tashqari, hududda “Sayxunobod tajribasi” asosida yangi mikro loyiha amalga oshirilmoqda. “Uychi tajribasi” bo‘yicha tumanga 4 ta bank biriktirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar yangi ish o‘rinlari yaratish borasida tizimli sa’y-harakatlar olib bormoqda.
“Zarbdor tajribasi” bo‘yicha esa 2 ta loyiha amalga oshirilib, ishsizlarga daromad manbalari shakllantirilmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘rta Chirchiq tumanida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida ishsizlik darajasi 5,7 foizga, kambag‘allik darajasi 7,6 foizga qisqartirildi.
Mazkur qaror bilan joriy yil tumanda 22 ming 837 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Ayniqsa, aholiga yer maydonlarini ijaraga berish, “kompaniya-kooperativ-dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida 19 gektar yer maydonida 3 ta kooperativlar tashkil etish hisobiga 61 nafar fuqarolarni band qilish imkoniyati yaratildi.
– Hududdagi “Turkiston” va “O‘rtaovul” mahalla fuqarolar yig‘inlarida mikrosanoat markazlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, Qorasuv, Uyg‘ur, Tinchlik, Fayzobod va Turkiston mahallalari kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Buning uchun reja-grafik asosida tijorat banklari tomonidan 6 ming 860 nafar aholi doimiy ish o‘rinlariga joylashtiriladi hamda tadbirkorlikka jalb qilinadi, – deydi O‘rta Chirchiq tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Sardor O‘talov.
A.Musayev, O‘zA.