Ishonchli vakil tadbirkorlar bilan uchrashdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Xolmurodov “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil dastlab nomzodning tarjimai holi va siyosiy faoliyati haqida ma’lumot berdi. So‘ngra keyingi besh yilda mamlakatimizda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim, sanoat, iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalari va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Jumladan, Samarqand viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi. Bevosita Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani va samarali faoliyat olib borilayotgani ta’kidlandi.
– Bugun viloyatimizda tadbirkorlar soni bir necha barobarga ortgan, - dedi R.Xolmurodov. – Bu, albatta, yurtimizda ishbilarmonlarga yaratilgan imkoniyatlar samarasi. Tadbirkor ko‘paysa, ishchi o‘rni ko‘payadi. Ishchi o‘rni ko‘paysa, xalqimizning yashash sifati ortib boraveradi. Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilga mo‘ljallangan dasturida ham Samarqandda 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirishni eng ustuvor vazifa qilib belgilagan. Ya’ni, kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trillion so‘mga yetkazish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Buning uchun, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda o‘tgan 5 yilda hayotida tub burilish yasagan islohotlar haqida gapirib, O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodning dasturi O‘zbekistonning jadal rivojlanishiga xizmat qilishini e’tirof etgan holda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.




G‘.HASANOV, O‘zA