Ishonchli vakil nomzodning dasturini targ‘ib etadi
Jizzaxda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tomonidan joriy yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sh.Mirziyoyevning Jizzax viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambek Uzakov, partiya Jizzax viloyat kengashi raisi Erkin Xolmatov, mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda saylov Kodeksiga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan, ya’ni bugun – joriy yilning 20 sentyabridan e’tiboran boshlanishi va ovoz berishga bir kun qolganda to‘xtatilishi ta’kidlab o‘tildi.
Nomzodlar tashviqoti uchun berilgan ana shu muddat davomida ishonchli vakil viloyatning barcha tuman va shaharlarida, turli tashkilot, muassasa va korxonalarda turli soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilishi, jumladan ommaviy uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Muloqotlarda ishonchli vakil faoliyatining bosh maqsadi –Prezidentlikka nomzod dasturida belgilangan asosiy g‘oya va maqsadlarni fuqarolarga jonli, hayotiy misollar orqali, samimiy suhbat va savol-javoblar asnosida tushuntirishga, shu bilan birga joylarda mavjud masalalar yuzasidan ham fikr almashishga asosiy e’tibor qaratiladi.
Brifing so‘ngida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.
[gallery-3966]
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA