Ishlab chiqaruvchilar faoliyati kengaymoqda
Farg‘ona viloyatida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 3 ming 825 istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Buning samarasida 805 milliard so‘mlikdan ziyod investitsiya o‘zlashtirilib, 23 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Farg‘ona viloyatida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 3 ming 825 istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. Buning samarasida 805 milliard so‘mlikdan ziyod investitsiya o‘zlashtirilib, 23 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada kengaytirish va shu orqali makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan maqsadli dasturlar ishlab chiqish hamda ularning ijrosini to‘liq ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Joriy yilning birinchi choragida 460 istiqbolli loyiha amalga oshirildi, – deydi Farg‘ona viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i Shuhratjon Tojihakimov. – Tijorat banklari tomonidan 93 loyiha tashabbuskorlariga 14,3 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Albatta, bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor muhim o‘rin tutadi. Chunki iqtisodiyotimiz taraqqiyotida mazkur sohaning salmog‘i tobora ortib bormoqda. Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida asfalt-beton, lok-bo‘yoq mahsulotlari, “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida polietilen plyonka va o‘tga chidamli g‘isht, “Qo‘qonspirt” aksiyadorlik jamiyatida ip, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushishi iqtisodiy samaradorlikka xizmat qilmoqda. Shuningdek, Mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sifatli va kafolatli mahsulot tayyorlash imkonini berayotir.
“Qo‘qon mexanika zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qatratilayotgan e’tibor samarasida import o‘rnini bosuvchi bir necha turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Neft-gaz sohasiga butlovchi qismlar tayyorlovchi korxonada o‘rnatilgan xorij texnologiyalarini yosh mutaxassislar muvaffaqiyatli boshqarmoqda. Bu bu yerga o‘rnatilgan asbob-uskunalarning aksariyati nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Masalan, qozon payvandlash sexida Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar o‘zining sifati va dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
– Hozir o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan muqobil isitish qozonlari, yuqori bosimga chidamli gaz sig‘imi idishlari, gaz ballonlari ilgari xorijdan keltirilar edi, – deydi “Qo‘qon mexanika zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati korxonasi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Sharifjon Yo‘ldoshev. – Mahalliylashtirish dasturi doirasida neft va gaz sanoati korxonalari uchun butlovchi qismlar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 20 milliard so‘mlikdan ortiq tayyor mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi.
Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashni o‘zlashtirish viloyatimiz sanoat salohiyatini yuksaltirishning eng muhim omilidir. Bu korxonalar faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirishda juda qo‘l keladi.