Ishchilar uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda
Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufidagi “Dovg‘iztov” konida zamonaviy yotoqxona foydalanishga topshirildi.
Uchquduq tumani markazidan 150 km olisda joylashgan konda ish 7 kunlik vaxta usulida tashkil qilingan. Ishchilar asosan yotoqxonada yashaydi.

6,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan majmua nafaqat yotoqxona, balki ko‘plab qo‘shimcha maishiy binolarga ham ega. Jumladan, bu yerda 80 o‘rinli oshxona, 154 o‘rinli yuvinish va kiyinish xonalari, ma’naviyat burchagi, dam olish hududi mavjud.

Yotoqxonani foydalanishga topshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, kombinatda ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ular uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Kombinat ma’muriyati va Kasaba uyushmasi kengashiga minnatdorlik bildiraman, – deydi kon elektrochilangari Erkin Rashidov. – Ular doimiy ravishda ishchi-xodimlar uchun munosib sharoitlarni yaratib berishga harakat qilmoqda. Sahro bag‘rida barcha sharoitlarga ega yotoqxona qurib berilishi ham ana shunday g‘amxo‘rlikning amaldagi namunasidir. Bundan jamoamizning quvonchi cheksiz. Albatta, bu ishchi-xodimlarimiz yashashi, bo‘sh vaqtlarda mazmunli hordiq chiqarishining mustahkam kafolatidir.

“Dovg‘iztov” koni kombinatning ilg‘or va istiqbolli konlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda konda 700 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Joriy yilda konda 45 million tonna tog‘ jinslarini qazib olish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev , O‘zA muxbiri