Ishchi guruhining o‘rganishlari o‘z samarasini bermoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, Qorako‘l tumani prokuraturasida tashkil etilgan shtabda, ishchi guruh va “mahalla yettiligi”, “ijtimoiy profilaktika”ga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga “yo‘l xarita”lar ijrosi, yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsizlar jinoyatchilikni oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, individual profilaktik tadbirlar o‘tkazish borasida mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Bugungi kunda Qorako‘l tumanida probatsiya hisobida turgan 374 nafar shaxslarning 98 nafarini yoshlar, 28 nafarini ayollar va 6 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil qiladi. Qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 155 nafar shaxslar muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilingan.
Ishchi guruh tomonidan tuman probatsiya nazoratida turgan 13 nafar shaxslar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganilib, ijtimoiy moslashtirish ishlari amalga oshirildi.

O‘rganish natijasi bo‘yicha, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan ikki nafar nazoratdagi shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolanish uchun order berildi. Shuningdek, uch nafariga o‘zini-o‘zi band qilish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiya va yer maydoni ajratishda ko‘maklashish uchun tuman mutasaddi idoralar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Sakkiz nafar mahkumni jazodan shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha sudlarga taqdimnomalar kiritilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining vazifalari, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda ro‘yxati shakllantirilgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj 130 nafar xotin-qizlar bilan yakka tartibda ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

O‘tkazilgan xatlovlar natijasida bugungi kun holatiga ijtimoiy profilaktika ro‘yxatida turgan 78 nafar yoshlarning muammolarini hal etishda eng, avvalo, ularning qiziqishlarini atroflicha o‘rganish va maqsadlaridan kelib chiqib kasbga o‘qitish yoki ishga joylashtirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan korrupsiyani oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ijrosini monitoring qilish, Prezidentimizning sohaga oid bir nechta qarori ijrosi va hududda kriminogen vaziyatni tahlil qilish faoliyatini tashkil etilishi hamda tergov sifatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvolini o‘rganishlar bosqichma-bosqich olib borilishi ta’minlanmoqda.

Viloyatning Olot tumanida zamonaviy raqamlashtirilgan “Olot” chegara bojxona postida tovar-moddiy boyliklarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishini oldini olish, korrupsion xavf-xatar va omillarni bartaraf etish ahvoli hamda qaror ijrosi yuzasidan tashkil etilgan “Situatsion markaz” faoliyati o‘rganilib, muammoli masalalar muhokama qilindi.
Ishchi guruhi tomonidan qarorlar ijrosi bo‘yicha Olot tumanida tuzilgan idoralararo muvofiqlashtiruv shtabi tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganilib, mahalla yettiligi va ijtimoiy profilaktikaga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga “Yo‘l xarita”lar ijrosini ta’minlash, individual profilaktik tadbirlar o‘tkazish, “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “namunaviy xavfsiz yo‘laklar”ni tashkil etish, mahallalarni to‘liq videokuzatuv bilan qamrab olish, probatsiyada turgan shaxslarni ijtimoiy muammolarini o‘rganish, ishsizlarning bandligini ta’minlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Muhokamada, bugungi kunda hal etilmagan xotin-qizlar va yoshlarning mavjud muammoli masalalarini tumanda kichik ishchi guruhlar tuzgan holda fuqarobay o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda qonuniy hal etilishi yuzasidan mas’ul idoralar rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, “Yo‘l xarita”larida belgilangan tadbirlarning o‘z muddatida bajarilishi ko‘rib chiqildi hamda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni qonuniy hal qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.