Ishchi guruh o‘rganishlari davom etmoqda
Buxoroda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganilmoqda.
Senator Abira Huseynova boshchiligidagi ishchi guruh o‘rganishlarini Qorako‘l tumanida davom ettirdi. Dastlab, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perenatal markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov mazkur markaz kelgusida Qorako‘l, Jondor va Olot tumanida yashovchi homilador ayollarga va chaqaloqlarga xizmat ko‘rsatishini ta’kidladi. Tadbirda perinatal markazga 5 turdagi zamonaviy uskunalar ya’ni Prezident sovg‘alari topshirildi.
[gallery-9181]
Senatning Gender tengligi va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, ishchi guruh rahbari, senator Abira Huseynova tumanlararo perinatal markazida homilador ayollar, chaqaloqlar va ularning yaqinlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Markaz qoshida kasallarning qarindosh urug‘lari uchun yangidan qurilgan zamonaviy kutish zalida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.
– Perinatal markazni tashkil qilish uchun (besetka qurish, mavjud binoni ta’mirlash) 700 million so‘m, tibbiy jihozlar uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Elyor Oltiyev. – Yana yangi qabul va diagnostika, neoreanimatsiya bo‘limlarini qurish va tibbiy jihozlar xarid qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ishchi guruh tumanlararo gemodializ bo‘limida yaratilgan -sharoitlarni o‘rgandi. Ishchi guruh Buxoro tumani tibbiyot birlashmasidagi tug‘ruq bo‘limidagi reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan ham tanishdi. Tumandagi “Qavola Mahmud” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Davlatobod qishlog‘ida joylashgan mahalla tibbiyot punktida hudud aholisi uchun yaratilgan imkoniyatlar ham o‘rganildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA