Ishchi guruh madaniy meros obyektlarini o‘rgandi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputatlari, viloyat madaniy meros boshqarmasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi boshqarmasi va qator mutasaddi tashkilotlardan tashkil topgan ishchi guruh Buxoro tarixiy markazi va bufer zonasi, madaniy arxitektura va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, ularni saqlash hamda targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib chiqdi.
Ishchi guruh tomonidan madaniy meros obyektlari kadastr hujjatlarining rasmiylashtirish holati, obyektlarga muhofaza belgilari o‘rnatilganligi va ularning saqlanishi, ta’mirlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning sifati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni olib borish uchun ajratilgan mablag‘lar va ularni o‘zlashtirish holati o‘rganildi. Obyektlarda olib borilayotgan asrashga doir ta’mirlash ishlarining reja asosida bajarilish ahvoli, restavratsiya ishlarida qurilish materiallari bilan ta’minlanishi, ularni ta’mirlash uchun jalb qilingan usta restavratorlar malakasi, qurilish tashkilotlari tajribasi monitoring qilindi.


– Xalqimizning buyuk o‘tmishidan darak berayotgan yodgorliklar ijtimoiy hayotimiz va kelajagimiz bilan bevosita bog‘liqdir, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sadoqat Siddiqova. – Mahobatli ko‘rinishi bilan Sharq gavhari deya atalmish Buxoroi Sharifda bezak bo‘lib turgan bu qadamjolar kishilarni ezgulikka chorlab, millatimiz va xalqimizning boy tarixidan darak bermoqda. Biz o‘tmishimizni avaylashimiz, tarixiy obidalarimizni e’zozlash, asori-atiqalarni, qolaversa, ushbu milliy boyliklarimizni kelajak avlodlarga yetkazishimiz lozim.


Shuningdek, ishchi guruh tarkibidagi professor-o‘qituvchilar tomonidan madaniy meros obyektlaridan maqsadli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, ushbu obyektlarning saqlanish holatiga ta’sir qilayotgan texnogen va salbiy omillar o‘rganilmoqda. Xulosalar umumlashtirilib natijasi Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri