Ishbilarmonlik muhiti indikatorining dinamikasi
Joriy yilning sentyabr oyida ishbilarmonlik muhitidagi eng sezilarli salbiy o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida qayd etildi. Shu bilan birga, sanoat sektori yaxshilanishni ko‘rsatdi.
2023 yil sentyabr oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi korxonalar o‘rtasida o‘tkaziladigan keng ko‘lamli so‘rov asosida hisoblab chiqiladigan ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichlarga nisbatan pasaydi.
Biznes uzoq muddatli tendensiyaning tabiiy darajasiga qaytmoqda. Agar avgust oyida ishbilarmonlik muhitining yig‘ma ko‘rsatkichi 65 punktdan 55 punktgacha, ya’ni 10 punktga tez pasayishni ko‘rsatgan bo‘lsa, sentyabr oyida pasayish sur’ati sekinlashdi va yig‘ma ko‘rsatkich atigi 2 punktga tushib, 53 punktni tashkil etdi, bu esa mamlakatdagi vaziyatni ijobiy deb baholaydi.

Sentyabr oyida ishbilarmonlik muhiti yig‘ma ko‘rsatkichining pasayishiga qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi dinamikaning minus 13 punktga va qurilishda 11 punktga pasayishi sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.
Aksincha, sanoat sohasidagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi oy davomida sezilarli darajada 13 punktga oshdi, xizmat ko‘rsatish sohasida esa 2 punktga bir oz pasayish kuzatildi.
Bir oy davomida biznesning hozirgi holati 8 punktga oshib, 46 punktni tashkil etdi, bu qurilish sohasida 22 punktga, sanoatda 17 punktga va xizmat ko‘rsatish sohasida 12 punktga joriy holat sezilarli darajada yaxshilangani bilan izohlanadi.
Biznesning hozirgi holatini “yaxshi” deb belgilagan respondentlarning ulushi 45 foizni tashkil etgan bo‘lsa, “yomon” deb baholagan respondentlarning ulushi 13 foizni tashkil etdi. Korxonalarning 23 foizi o‘z xodimlari sonini ko‘paytirdi, 46 foizi esa talabning o‘sishini qayd etdi.
Biznes kutilmalari ketma-ket ikkinchi oydan beri bir oz yomonlashib bormoqda.
Kelgusi 3 oyda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha biznes kutilmalari taxminlari 13 punktga pasayib, 61 punktga tushdi, bu asosan qurilish sohasidagi tadbirkorlarning salbiy baholari bilan bog‘liq bo‘lib, bu yerda optimizm oy davomida 46 qiymatga tushdi. Talab va bandlik bo‘yicha taxminlarni baholashda muvozanat yuqori darajada qolmoqda.
Bir oz pasayishga qaramay, sentyabr oyida keyingi 3 oy ichida biznesni yaxshilashni kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 69 foizni tashkil etdi.
Umuman olganda, joriy holat ko‘rsatkichlari va kutilayotgan taxminlar o‘rtasidagi bog‘liqlik kelgusi 3 oyda ham iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy tendensiya davom etishini anglatadi.
Sentyabr oyida to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlarning ulushi 2 foiz punktga biroz oshib, 48 foizga yetdi. Tadbirkorlar eng dolzarb muammolar sifatida moliyalashtirish va yer olishdagi qiyinchiliklar, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar, elektr ta’minoti va soliq stavkalarining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Sanoat, qurilish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi korxonalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qishloq xo‘jaligi vakillari yer olish bilan bog‘liq muammolar haqida ko‘proq tashvishlana boshladilar.
Shu bilan birga, sanoat sektorida elektr energiyasi ta’minotidagi to‘siqlar kamayganini va qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalar soliq ma’muriyatchiligi muammolarining qisqarganini qayd etdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA