Ish haqi o‘z vaqtida berilishi shart
Davlat organlari va tashkilotlarida o‘tkazilayotgan tahlillar hamda sayyor qabullar jarayonida ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab bermaslik holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, adliya xodimlari tomonidan Buxoro tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida bo‘limga joriy yil aprel-iyun oylari mobaynida “Hududiy yer tuzuvchilar” bo‘yicha yetakchi mutaxassis vazifasiga ishga qabul qilingan 8 nafar yetakchi mutaxassislarning jami 24 million 877 ming so‘m miqdoridagi oylik ish haqlari 3 oy mobaynida to‘lab berilmasdan kelinayotganligi aniqlandi.
–O‘z navbatida adliya bo‘limi tomonidan bu holatga qonuniy munosabat bildirildi, – deydi Buxoro tumani adliya bo‘limi boshlig‘i U.To‘xtayev. – Ish beruvchidan “Hududiy yer tuzuvchilar” bo‘yicha 8 nafar yetakchi mutaxassislarga ish haqini undirib berish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga sud buyrug‘i tartibida ariza kiritildi. Sud tomonidan arizalar to‘liq qanoatlantirildi.
Shuningdek, adliya xodimlari tomonidan Buxoro tumani Kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida ish beruvchi tomonidan 16 nafar o‘qituvchilarning jami 119 million 246 ming 900 so‘m miqdoridagi ish haqlari joriy yil iyun oyidan buyon to‘lab berilmasdan kelinayotganligi aniqlangan. Ish beruvchidan ish haqlarini undirib berish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga sud buyrug‘i tartibida ariza kiritilgan.
Sud tomonidan Buxoro tumani adliya bo‘limining arizalari qanoatlantirildi. 16 nafar o‘qituvchilarning ish haqlarini undirish haqida sud buyruqlari qabul qilindi.
Bu kabi misollarni davom ettirish mumkin, biroq har bir ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasiga asosan “Ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart”ligini unutmasligi lozim.
Zarif Komilov, O‘zA