Ish beruvchilar zimmasiga mehnat jamoasida xavfsiz mehnat muhitini yaratish majburiyati yuklatiladi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, qo‘mita ekspertlari, Yoshlar parlamenti vakillari hamda videokonferensaloqa orqali mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari a’zolari ishtirok etdi.
Majlisda “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlangan belgilar qatori “terisining rangi” hamda “siyosiy qarashlari” bilan to‘ldirilmoqda.
Mehnat kodeks yangi 8¹-modda bilan to‘ldirilib, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikning huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Ushbu yangi norma orqali ish joyida shahvoniy shilqimlik tushunchasi ilk bor mehnat qonunchiligida huquqiy jihatdan mustahkamlanib, ish beruvchilar zimmasiga mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlikdan xoli xavfsiz mehnat muhitini yaratish majburiyati yuklatilmoqda.

Majlisda mazkur qonunning xalqaro amaliyotga muvofiqligi alohida qayd etildi.
Senatorlarning fikricha, qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, har qanday ko‘rinishdagi kamsitishlarning oldini olish hamda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tavsiya etildi.
N.Abduraimova, O‘zA