Ish beruvchilar va talabalarning uchrashuvi o‘tkazildi
Yurtimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 18 milliondan ziyod. Bu ularga oid masalalar bilan ishlashda yangicha yondashuv va talablarni yuzaga chiqarmoqda. Jamiyatimizdagi islohotlar jarayonida bu masalalarga ustuvor ahamiyat berilayotgani navqiron avlodni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashda muhim omil bo‘layotir.
Ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish dolzarbdir. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish o‘rinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida bevosita muloqotni ta’minlash maqsadida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov yoshlar kelajagimiz poydevori, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini e’tirof etdi.
[gallery-23338]
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan, fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirilgani e’tiborga loyiqdir.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karera kuni”ning o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan.
Tadbirda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.
2024-2025 o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini 309 nafar talaba bakalavriat va 95 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.
Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib bormoqda. Hozirda akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangan.
Bitiruvchilarni munosib ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadida hozirda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.
Rasmiy marosimlardan so‘ng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi. Talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA