Iqtisodiyot sohalarida sun’iy intellektning o‘rni
Andijon viloyati hokimligi, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB boshqaruvi hamkorligida iqtisodiyot sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar-treningda tuman, shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishda raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish, uni iqtisodiyotning barcha jabhalariga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Seminarda sun’iy intellekt yordamida hududlarning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi. Bu borada “Biznesni rivojlantirish banki” ATB mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahliliy platformalar taqdim etildi. Jumladan, “Dono AI” va “AI mahalla” kabi zamonaviy raqamli yechimlar namoyish qilinib, ularning imkoniyat va afzalliklari batafsil tushuntirildi.

Mazkur texnologiyalar katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor va aniq tahlil qilish, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha samarali qarorlar qabul qilish imkonini berishi alohida qayd etildi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, kelgusida sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng tatbiq etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.