Iqtisodiy yuksalishning Farg‘ona modelida ilm, texnologiya va mehnat natija bermoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-28-aprel kunlari ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish uchun Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Farg‘ona shahrida tashkil etilgan «Farg‘ona Expo», xalqaro ko‘rgazmalar markazi faoliyati viloyatning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish va investorlar uchun qulay servis muhitini yaratishga qaratilgan.
Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yaxlit muloqot maydonchasi vazifasini o‘tamoqda.
Besh gektar maydonni egallagan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.

Yangi barpo etilgan 8 qavatli binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi.
Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yo‘nalishi bo‘yicha doimiy ko‘rgazma-yarmarka faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar bir maydonda uchrashib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi.
Farg‘ona tajribasining samaradorligini inobatga olgan holda, bunday zamonaviy ko‘rgazma zallarini Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Farg‘ona shahrida investor va tadbirkorlar uchun joriy etilgan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimi” platformalari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, invest.gov.uz va pmi.miit.uz platformalari mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni yagona raqamli maydonda birlashtirib, investitsiya loyihalarini shakllantirish, amalga oshirish hamda monitoring qilish jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Yagona investitsiya platformasi “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi. U orqali investor hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, tayyor investitsiya loyihalari bilan tanishadi, o‘ziga maqbul yo‘nalishni tanlaydi va shaxsiy kabinet orqali zarur jarayonlarni kuzatib boradi.
Investor loyiha bo‘yicha ishlarni mustaqil yuritishi yoki vakolatli konsultant xizmatidan foydalanishi mumkin. Yuborilgan so‘rovlar Investitsiya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan platformada aks etadi. Har bir bosqich bo‘yicha muddatlar avtomatik belgilanadi, ijro mas’ul menejer tomonidan nazorat qilinadi.
Kechikish yoki muammoli holatlar yuzaga kelganda, masala Hukumat komissiyasi muhokamasiga kiritilib, tezkor qaror qabul qilinadi. Bunday raqamli yechimlar tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib, investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.
Farg‘ona viloyatida investorlar va konsalting tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangi loyihalarni shakllantirish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan puxta tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentga viloyat uchun taklif etilayotgan qator yirik investitsiya loyihalari taqdim qilindi. Jumladan, Xitoy bilan hamkorlikda “Yevroosiyo xalqaro savdo markazi”ni barpo etish, Janubiy Koreya bilan biopellet ishlab chiqarish va issiqlik energiyasi stansiyasini tashkil etish, Turkiya bilan zamonaviy tibbiyot klasterini shakllantirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyiha taqdim etildi.
Viloyatda 5 yulduzli mehmonxona va zamonaviy kongress-xoll qurish, Quvasoy shahrida yangi formatdagi istirohat bog‘ini tashkil etish, elektromobillar uchun akkumulyator ishlab chiqarish kabi istiqbolli tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari markazda Farg‘ona viloyatining sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatiga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Hunarmandchilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, charm-poyafzal va zargarlik sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
Ikkinchi yirik zalda oziq-ovqat sanoati, ekologik transport, neft-gaz tarmog‘i, mebelsozlik, farmatsevtika va kimyo sanoatiga oid mahsulotlar taqdimoti tashkil etildi. Bu ko‘rgazmalar hududda ishlab chiqarish tarmoqlari keng qamrovda rivojlanayotganini namoyon qildi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari xorijiy tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Investitsiya loyihalarini jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, oltinni qayta ishlash fabrikasi faoliyatini kengaytirish, zamonaviy kabel ishlab chiqarish korxonasini barpo etish bilan bog‘liq tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tinglab, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Barcha loyihalarni amalga oshirishda tezkorlik, samaradorlik va ochiqlikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari, avvalo, keyingi yillarda hudud iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
So‘nggi yillarda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirildi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs yo‘naltirildi, tijorat maydonlari 10 million kvadrat metrga ko‘paydi. 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oshdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga o‘sdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Marg‘ilondagi Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Navro‘z mahallasida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham davom etmoqda.
So‘nggi o‘n yilda viloyatda 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha va 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. 167 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ta’lim sifati oshgani natijasida yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Farg‘ona respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Qishloq xo‘jaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva-sabzavot eksporti 3 karra ko‘payib, 400 million dollarga yetdi. Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turizm jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili xorijiy turistlar soni ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar 3 milliondan oshdi, turizm eksporti esa 185 million dollarga yetdi.

– Farg‘ona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti, – dedi Prezident.
Shu bois, joriy yil viloyatda iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga o‘stirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, eksportni 2 karra ko‘paytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Farg‘ona davlat idoralari, sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
“Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturi bo‘yicha sertifikat olgan yoshlarning eng ko‘pi Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri keladi. Viloyat va tumanlar rahbarlariga iqtidorli yoshlarni jalb etgan holda davlat idoralaridagi xizmatlar va jarayonlarni raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish topshirildi.
Mahallalarning ustunliklarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, ish o‘rni, qo‘shilgan qiymat va aholi daromadini ko‘paytiradigan loyihalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Masalan, Yozyovon tumani imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida o‘rganilganda tuman iqtisodiyotida asosiy e’tiborni logistikaga qaratish zarurligi aniqlangan. A-373 magistral yo‘lining Yozyovondan o‘tgan 35 kilometr qismi orqali kuniga 30 ming transport vositasi harakatlanadi. Shu bois, tumanda logistika markazlari, yirik omborlar, yo‘l bo‘yi servis ob’ektlarini ko‘paytirish orqali iqtisodiy aylanmani yana 1 trillion so‘mga oshirish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi yillarda Farg‘onada IT xizmatlari 4 karra o‘sib, eksport 23 million dollardan oshdi. Yangi o‘quv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda texnikumlar negizida dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tillar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Farg‘ona shahrida IT-park universiteti, Marg‘ilonda INHA universitetining filialini ochib, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitish belgilandi.
Elektron tijoratni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu sohada Farg‘ona ulushi hali past ekani qayd etilib, viloyatda kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shundan 30 ming kvadrat metrini joriy yilda ishga tushirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi tadbirkorlarni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligida mavjud zaxiralarni ishga solish ham muhokama qilindi. Viloyatda 370 ming gektar sug‘oriladigan yer, shundan 55 ming gektar bog‘ va tokzor bor. Qolaversa, 5,5 ming gektar bog‘ va tokzor eskirgan, 6 ming gektar dasht hamda adir yerlaridan samarali foydalanilmayapti. Bu qo‘shimcha 300 ming tonna meva-sabzavot va iqtisodiyotga 2 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni ekani ta’kidlandi.
“Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasi alohida qayd etildi. Bu yerda kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga kichik sexlar qurish, dehqonlarni o‘qitish, in-vitro laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar bilan ta’minlash va tayyor mahsulot eksportiga ko‘maklashish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mana shunday yondashuvlarni barcha tumanlarda joriy qilish, 5,5 ming gektar eskirgan bog‘larni to‘liq yangilash topshirildi.
Viloyatda 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasi past bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqiladi. Bu yil 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot, 119 ming tonna sholi yetishtirib, meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirish va 500 million dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari investitsiya masalalariga ham to‘xtaldi. Viloyatda sanoat zonalari uchun ajratilgan 1 ming 77 gektar yerdan samarali foydalanish, har bir gektarda yiliga kamida 50 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish asosiy mezon bo‘lishi belgilandi. Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.
Beshariqdagi Andarxon mahallasida erkin savdo zonasi tashkil etish, Qo‘qondagi mexanika zavodi hududida 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo etish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar borligi qayd etildi.
– Tarixiy obidalar va betakror tabiatni o‘zida jamlagan Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi, – dedi Prezident.
Buning uchun Qo‘qon va Marg‘ilonni ziyorat turizmiga, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarini tibbiy hamda ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi ta’kidlandi. Quvadagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda vaziyatlar markazi tashkil etilgani qayd etilib, mamlakatdagi boshqa suv omborlarini ham bosqichma-bosqich aholi va sayyohlar uchun qulay maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Marg‘ilonda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilishi milliy qadriyatlar va tariximizni dunyoga namoyon etadigan muhim qadam sifatida baholandi. Farg‘ona tumanida “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi va “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasini ishga tushirish zarurligi belgilandi.
Qo‘qonda 64 ta madaniy meros ob’ektini qamrab olgan 3 ta piyoda turizm marshruti ishlab chiqilgan. Shahardagi madaniy meros ob’ektlarida joylashgan davlat idoralarini boshqa binolarga ko‘chirish, tarixiy ob’ektlarni turizm va madaniyat maskanlariga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
So‘x tumanida ekoturizm, agro va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. So‘x daryosining Sarikanda, Istiqlol va Rovon mahallalaridan o‘tgan qismida 130 gektar maydonda yirik turizm kompleksini barpo etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tumanni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Umuman, tumanga yangicha qiyofa olib kirish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi.
Yig‘ilishda Farg‘onaning boy madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi. “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.
Farg‘ona madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan askiya san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etilgani qayd etilib, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari hamda musiqa-san’at maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yo‘nalishlarini ochish topshirildi.
Yig‘ilish davomida viloyat va tumanlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari tinglandi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilgan. 150 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qurilgan ob’ekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida AT xizmatlari hajmi 4 barobarga o‘sib, eksport 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-park” rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025-yilda 22,7 million dollarlik axborot texnologiyalari xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.
Kelgusida mazkur majmuada sun’iy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.
Prezidentimiz park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Farg‘ona viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iste’dodli charm to‘p ustalari bilan mashhur.
Jumladan, 1962-yilda tashkil etilgan “Neftchi” futbol klubi O‘zbekiston Superligasining 6 karra chempioni, mamlakat kubogining 2 karra va superkubokning 1 karra sohibi hisoblanadi. Shuningdek, klub 1994-yilda MDH kubogi finalchisi bo‘lgan, 1994-1995-yillarda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Bugun ham hududda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish va tayyorlash, malakali murabbiylar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, professional futbol klublari akademiyalarini rivojlantirishga qaratilgan choralar natijasida 2025-yilda “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi.

4,5 gektardan ortiq maydonni egallagan akademiya 150 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 6 ta katta va kichik futbol maydoni, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat yuritadi.
Akademiyada 1,1 million dollarlik sun’iy qoplamali, havo gumbaz bilan yopilgan yopiq futbol maneji barpo etilgan.
Viloyatda futbol muhitini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida UEFA instruktorlari va boshqa xalqaro mutaxassislar jalb qilingan.
Prezidentimiz akademiyada futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan muloqot qilib, ularning mashg‘ulotlarini kuzatdi.

Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida davlatimiz rahbari Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi.
Bugungi kunda Farg‘ona aeroportidagi terminal o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati, yo‘lovchilarga qulaylik darajasi, shuningdek, aviatsiya va noaviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermay qolgan.
Shu bois parvozlar geografiyasini kengaytirish, hududning o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi va sayyohlar oqimiga mos ravishda xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi yo‘lovchi hamda yuk terminallarini barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Maydoni 20 ming kvadrat metr bo‘lishi kutilayotgan yangi yo‘lovchi terminali hozirgi imkoniyatlarga nisbatan ikki barobar ko‘p – 1,2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shimcha samolyot turargohlari barpo etilib, havo kemalarini saqlash imkoniyati 10 tagacha yetkaziladi.

Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy servis nuqtalari, qulay ro‘yxatdan o‘tish va nazorat tizimlari, shuningdek, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari aeroport har qanday hududning “darvozasi” ekanini ta’kidlab, bu yerda zamonaviy servisni yo‘lga qo‘yish, transport va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yondosh tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Loyihalash, qurilish va yangi terminalni keyinchalik boshqarishni xalqaro standartlar asosida, tegishli tajribaga ega xorijiy operatorlarni jalb qilgan holda amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Farg‘ona vodiysida transport bog‘liqligini kuchaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududning logistik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA maxsus muxbirlari