Iqtisodiy protsessual qonunchiligimiz anglo-sakson huquqi tomon tortilishi shart
Iqtisodiy protsessual qonunchilik deganda - iqtisodiy sud ishlarini yuritish va ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlari, masalan, sudlarda bankrotlik nizolarini ko‘rib chiqish tartib va shartlarini ham o‘zida nazarda tutuvchi “To‘lovga qobliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, iqtisodiy sud ishlarini yuritish va ko‘rib chiqish tartibiga oid Oliy sud Plenumi qarorlari kabi huquqiy hujjatlarni tushinish darkor.
Anglaganingizdek, bir sudya bir sud protsessini o‘tkazishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya qilishi, bu protsessual tartiblar shunchalik ko‘pligi va ortiqchaligidan, moddiy normalarni o‘rganish va qo‘llash orqali nizoni hal etishi ikkinchi o‘ringa tushib qolishi ham mumkin. Ana shundan boshlanadi-da, keyin ayrim toifa nizolar yuzasidan yagona bo‘lmagan amaliyot masalasi.
Muhimi, boshqa protsessual qonunlar qatori O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi deb belgilangan. Ayni mana shu xalqaro nomalar ham yagona amaliyotni shakllantirishga xizmat qiladi, chunki, ushbu normalar ko‘p ham o‘zgaravermaydi, aksariyat hollarda ko‘p vaqtlar mobaynida barqarorligini saqlab qoladi.
Agar, e’tibor qilgan bo‘lsangiz iqtisodiyoti barqaror va tadbirkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan aksariyat davlatlarda iqtisodiy (fuqarolik) nizolarni ko‘rib chiqish va ish yuritish tartibi anglo-sakson huquqi asosida yagona amaliyotga asoslangan mexanizm asosida yo‘lga qo‘yilgan. Sudlarda низоларни ko‘rib chiqish va ish yuritish protsessual jihatdan qat’iy tartibiga solinmaydi. Balki, odil sudlovning vazifasi ishni to‘g‘ri hal etish, mavjud nizoni oqilona yechimiga yo‘naltiriladi hamda ish va nizo yechimi yagona amaliyotga asoslanadi.
Xullas, sud ishni oqilona hal etadi, nizoni yechib beradi. Sudyaning xulosasi va qaroriga protsessual tartibga rioya qilinganiga qarab emas, xulosa, qaror natijasi ish va nizoni hal qilishga, taraflarni rozi qilishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyat kasb etadi.
Bu amaliyotni esa bir xil amaliyot ya’ni, adolat va qonunni og‘ishmay doim birga qo‘llash jarayoni deymiz.
Yaqindagina bo‘lib o‘tgan – beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida davlatimiz rahbari, Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil joriy etilishi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinishi, unda nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritishi, shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimi ham rivojlantirilishni, bu borada O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyatida ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Illo, ushbu islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham avvalo, iqtisodiy nizolarni hal etishning tan olingan ilg‘or tajriba va mexanizmlarini yurtimizda joriy etish orqali iqtisodiy nizolarni sudlarda ko‘rib chiqishdagi qotib qolgan protsessual muddat va tartib-taomillardan tamomila yangicha bo‘lgan eng maqbul tizimni joriy etishni nazarda tutadi.
Sudlarda nizolarni ko‘rib chiqish va ish yuritish tartibiga urg‘u asosan eskidan qolgan protsessual qonunchilik tomon og‘ib borishi maqsadga muvofiq emas. Aks holda, sudyaning mustaqil xulosasi, to‘g‘ri qaroriga salbiy ta’siri ortib boraveradi, qabul qilingan qarorlar esa, nizoni hal etmay, ishni adolatli yechmay, natija keltirmay, qaror qabul qilib qo‘yaverish, pirovardida qarorlarni ijrosi ta’minlanishining ham samaradorligi pasayib ketishiga olib kelinishi mumkin.
Aksincha, moddiy huquq normalarini, faktik holatlarni ustuvor bilish hamda adolat huquqini, sud tomonidan muayyan ishni ko‘rib chiqishda qabul qilingan eng adolatli hamda eng to‘g‘ri qaror, yechimni va keyinchalik shunga o‘xshash ishlarni hal qilish uchun majburiy yoki namunaviy qoida sifatida qo‘llash amaliyotini keng yo‘lga qo‘yish esa, mustaqil odil sudlovga ishonch ortishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni birin-ketin yo‘q qilib boradi.
Buning uchun esa, sudlarda yagona amaliyot – sud tomonidan muayyan ishni ko‘rib chiqishda qabul qilingan eng adolatli hamda eng to‘g‘ri qaror va yechimni barcha sudlarda bir xilda qo‘llashga erishishning yaxlit huquqiy mexanizmini aynan protsessual qonunchiligimizga implementatsiya qilishimiz shart.
Nuriddin Murodov, sudya