Iqtidorli talabalar ota-onalariga vazir tashakkur bildirdi
Urganch davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan uchrashuvda bir guruh iqtidorli talabalar hamda ularning ota-onalari e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida rektor Diyorjon Abdullayev yoshlarning erishayotgan yutuqlarida ota-onalarning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidlab, farzandlarini ilm-fan, ta’lim va yuksak maqsadlar sari ruhlantirib kelayotgan ota-onalarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, o‘zining bilimga chanqoqligi, intellektual salohiyati, ilmiy va ijodiy faoliyatdagi muvaffaqiyatlari bilan tengdoshlariga munosib o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh iqtidorli talabalarning ota-onalariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning tashakkurnomalari topshirildi.
– Bu men uchun kutilmagan va juda katta quvonarli voqea bo‘ldi, – deydi Yulduz Sa’dullayeva. – Vazirimizning e’tibori va tashakkurlari biz, ota-onalarga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bu nafaqat bizni, balki farzandlarimizni ham yangi, yuksak maqsadlar sari qanotlantiradi. Ular Vatanimizga kerakli insonlar bo‘lib yetishayotganini his qilishdi. Bugungi e’tirof faqat farzandimniki emas, balki oilamizga, farzand tarbiyasiga berilgan baho deb bilaman.
[gallery-30265]
Tadbir yakunida ota-onalarga farzandlar tarbiyasi va ularning yutuqlariga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirilib, iqtidorli talabalarga kelgusidagi o‘qish va ilmiy-ijodiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(Surat),
O‘zA muxbirlari