Iqtidorli bolalar rag‘batlantirildi
Guliston tuman hokimligida viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, tuman nufuzini ko‘tarishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan iqtidorli o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
Iqtidorli bolalarni rag‘batlantirish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Samarqand shahridagi "Nurli maskan" ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etib, rus tili va adabiyoti fanidan 1-o‘rinni egallagan tumandagi 11-sonli "Nurli maskan" maktab-internati o‘quvchisi Iroda Kushayeva, Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan "Mental arifmetika" bo‘yicha xalqaro olimpiadada Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, BAA, Armaniston, Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan tashrif buyurgan 400 nafardan oshiq tengdoshlaridan ustun kelib, "Super chempion" maqomiga erishgan 31-sonli umumta’lim maktab o‘quvchisi E’zoza Egamqulova va boshqa iqtidorli, izlanuvchan, intiluvchan o‘quvchilarning muvaffaqiyatlari e’tirof etilib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar tuman hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


O‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etib, har tomonlama intiluvchan va bilimga chanqoq bolalarga muvaffaqiyatlar tiladi.


Bu esa yosh iqtidor sohiblariga o‘qib-o‘rganishlari, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari, nafaqat respublika, balki xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishlarida shijoat bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri