Iqtidor, mahorat va iste’dod namoyishi
Andijon shahridagi viloyat Qo‘g‘irchoq teatrida “Kelajak” bolalar folklor jamoalari respublika festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan festivalda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining ijodiy jamoalari o‘ziga xos ijod namunalarini namoyish etdi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda milliy qadriyat va an’analarni, xususan, milliy san’atimizning o‘ziga xos an’analarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bolalar folklor san’atini rivojlantirish, xalq og‘zaki san’ati, og‘zaki she’riy ijodiyot, xalq dostonlari, hunarmandchilik, milliy liboslar, xalq o‘yinlari, qadimiy urf-odat va milliy an’analarni asrab-avaylash, keng targ‘ib etish, bolalarda folklor san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish, ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, birdamlik g‘oyalarini ulug‘lash, madaniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan “Kelajak” bolalar folklor jamoalari respublika festivali ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Eng muhimi, mazkur festival yosh san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishlariga keng imkoniyat yaratib berdi. Har bir hududining o‘ziga xos an’analarini namoyish etgan ijodiy jamoalarning qiziqarli va rang-barang chiqishlari festival ishtirokchilari hamda mehmonlarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
[gallery-10653]
Jamoalarning belgilangan shartlar – dilxiroj kuyiga raqsga tushish, o‘lan, lapar aytish, milliy o‘yinlardan biri va hududning o‘ziga xos san’ati namoyishi asosidagi chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Festivalning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Samarqand va Andijon viloyati jamoalari egalladi. Ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati jamoalari, uchinchi o‘rinni esa Xorazm va Toshkent viloyati jamoalari egalladi. G‘oliblarning har biri diplom, 10 million so‘mdan 20 million so‘mgacha pul mukofoti va ovoz kuchaytirish moslamasi bilan taqdirlandi.
– Festivalda maktabimizning “Boychechak” folklor jamoasi g‘oliblar qatoridan joy oldi, – deydi Andijon shahridagi 3-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Munojatxon Isoqova. – Bundan tashqari, jamoamizning eng yosh a’zosi Fayzullo Fayzullayev festivalning “Eng yaxshi yosh raqqos” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgani bizni behad quvontirdi.
Festivalda “Eng yaxshi milliy chiqish”, “Eng yaxshi bolalar jamoasi”, “Eng yaxshi targ‘ibot dasturi”, “Eng yaxshi hududiy jamoa”, “Eng yaxshi hududiy targ‘ibot”, “Eng yaxshi yosh raqqos”, “Eng yaxshi ijrochi” singari nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA.