Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli qachon boshlanishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat qo‘llab-quvvatlash choralari izchil davom etmoqda. Ana shunday imkoniyatlardan biri — ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyasi uchun navbatdagi arizalar qabuli boshlanmoqda.
2026-yil 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyalarini olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, arizalar avval taqdim etilgan, ammo amal qilish muddati davomida foydalanilmagan subsidiya xabarnomalari hisobidan qabul qilinadi. Ipoteka subsidiyasidan foydalanish uchun fuqaro ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasiga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi hamda ishtirokchi tijorat banklaridan kamida birining ichki talablariga mos ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida respublika hududida mulk huquqi asosida turar joy mavjud bo‘lmasligi, o‘rtacha oylik daromadi esa belgilangan ijtimoiy mezonlarga muvofiq bo‘lishi talab etiladi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari esa bevosita Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
Vazirlik ariza beruvchilarga muhim eslatma bilan ham murojaat qildi. Unga ko‘ra, ariza topshirish jarayonida OneID tizimi orqali ishtirokchi tijorat banklariga kredit tarixini baholash uchun shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi, shuningdek, kredit tarixi haqidagi ma’lumotlarni olishga cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi shart. Aks holda, arizani ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmaydi va u rad etiladi.
Bugungi kunda subsidiyali ipoteka kreditlari dasturida mamlakatning 15 ta tijorat banki, jumladan, «Agrobank», «Aloqabank», «Asakabank», «Hamkorbank», «Ipotekabank», «Xalq banki», «O‘zmilliybank», «O‘zsanoatqurilishbank» va boshqa moliya muassasalari ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarga ariza topshirishdan avval OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlar sozlamalari va kredit tarixi bilan bog‘liq talablarni tekshirib chiqishni tavsiya etmoqda. Bu subsidiya olish jarayonida texnik sabablarga ko‘ra arizaning rad etilishining oldini oladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA