Ipoteka kreditlari bo‘yicha fuqarolarga 1,1 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi
2026-yilda O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha fuqarolarga 1,1 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi. Bu ko‘rsatkich davlatning aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, uy-joy xarid qilish imkoniyati cheklangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash siyosati izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun 12 355 nafar fuqaroga subsidiya ajratilgan.
Jami mablag‘ning 367 milliard so‘mi uy-joy sotib olishdagi dastlabki badal yoki uning bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan. Bu ko‘plab fuqarolar uchun ipoteka kreditidan foydalanishdagi asosiy to‘siqlardan biri — boshlang‘ich to‘lov muammosini hal etishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 774,1 milliard so‘m avvalgi yillarda ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini qoplash uchun sarflangan. Bu esa subsidiya tizimi faqat yangi uy-joy xarid qilishni rag‘batlantirish bilan cheklanmasdan, avval ipoteka olgan fuqarolarning moliyaviy yukini ham yengillashtirayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha 19,4 milliard so‘mlik subsidiya ajratilgan. Mazkur mexanizm aholining uy-joy sotib olish uchun oldindan mablag‘ jamg‘arish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ipoteka subsidiyalaridan foydalanish ko‘rsatkichlari hududlar kesimida ham aholi ehtiyoji va uy-joyga bo‘lgan talabning yuqoriligini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, Andijon viloyati bu borada birinchi o‘rinni egalladi. Viloyatda 1 472 nafar fuqaroga 43,8 milliard so‘m boshlang‘ich badal uchun subsidiya ajratilgan. Undan keyin, Farg‘ona viloyatida — 1 410 nafar fuqaroga 41,9 milliard so‘m, Namangan viloyatida — 1 406 nafar fuqaroga 41,6 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida — 1 260 nafar fuqaroga 37,5 milliard so‘m subsidiya berilgan. Bu raqamlar vodiy viloyatlarida aholi zichligi yuqoriligi, yosh oilalar sonining ko‘pligi hamda uy-joyga bo‘lgan talab kattaligi bilan izohlanadi. Toshkent shahrida esa mazkur ko‘rsatkich nisbatan past bo‘lib, 389 nafar fuqaroga 11,6 milliard so‘m subsidiya ajratilgan.
Ipoteka subsidiyasi ko‘plab oilalar uchun shaxsiy uy-joyga ega bo‘lish yo‘lidagi muhim moliyaviy ko‘makdir. Ayniqsa, dastlabki badalning bir qismini davlat tomonidan qoplab berilishi fuqarolarning ipoteka kreditidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Foiz to‘lovlarini subsidiyalash esa kredit oluvchilarning har oylik xarajatlarini kamaytirib, oilaviy byudjetga tushadigan moliyaviy bosimni yumshatishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, 2026-yilda subsidiyalarga yo‘naltirilgan 1,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ nafaqat minglab oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilashga, balki qurilish sohasi, ipoteka bozori va uy-joy bilan bog‘liq iqtisodiy faollikning oshishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabul qilish jarayoni 2026-yil 16-martdan boshlangan.
Maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida berilgan xabarnomalarning amal qilish muddatida foydalanilmay qolgan qismi hisobidan esa arizalarni qabul qilish 27-iyuldan qayta yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda ipoteka subsidiyalari dasturida qator tijorat banklari ishtirok etmoqda. Ular orasida Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak yo‘li banki, Ipotekabank, Mikrokreditbank, Orient Finans Bank, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank bor.
Bir so‘z bilan aytganda, Ipoteka subsidiyalariga ajratilayotgan mablag‘lar ko‘lami davlatning aholini uy-joy bilan ta’minlash siyosatida bu yo‘nalish ustuvor ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Bir tomondan, boshlang‘ich badalni qoplash uchun ko‘mak berilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, foiz to‘lovlarining subsidiya qilinishi orqali kredit oluvchilarning moliyaviy yuki yengillashtirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA