iPhone narxidagi gumanoid robot taqdim etildi (+video)
Xitoyning Noetix Robotics startapi inson shaklidagi yangi robot — “Bumi”ni jamoatchilikka namoyish etdi. Bu haqda Robotics and Automation News nashri xabar berdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, “Bumi”ning narxi atigi 1370 dollar bo‘lib, bu deyarli iPhone 17 narxiga teng. Shu bilan Noetix o‘z mahsulotini “narx to‘sig‘ini yengib o‘tgan dunyodagi birinchi yuqori samarali gumanoid robot” deb atadi.
“Bumi” — ikki oyoqli, 94 sm bo‘yli va 12 kg og‘irlikdagi robot bo‘lib, kompozit materiallardan ishlab chiqilgan. Yengil tuzilish unga barqaror yurish, buyruqlarga tez javob berish, hatto raqsga tushish imkonini beradi. Uning harakatlari Noetix kompaniyasining maxsus ishlab chiqilgan balans va harakatni boshqarish tizimi orqali muvozanatli tarzda nazorat qilinadi.
Yangi robot faqatgina uy yordamchisi sifatida emas, balki ta’limiy platforma sifatida ham ishlab chiqilgan. Unda ochiq dasturlash interfeysi (API) mavjud bo‘lib, bu talabalarga, dasturchilarga va robototexnika ishqibozlariga “Bumi” uchun o‘z skriptlari yoki ta’lim dasturlarini yozish imkonini beradi. Shu yo‘l bilan Noetix startapi robototexnika sohasida keng jamoatchilikni jalb etishni maqsad qilgan.
Kompaniya “Bumi” modelining chiqarilishini odamsimon robotlarning kundalik hayotga integratsiyalashuvidagi muhim qadam sifatida baholadi. Robotning oldindan buyurtmalari Xitoydagi ikki yirik savdo marafoni — Double 11 (11 noyabr) va Double 12 (12 dekabr) kunlari ochilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rNbxIdHSOz4" title="iPhone narxidagi gumanoid robot taqdim etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA