Ipakchilik sohasida Ozarbayjon bilan hamkorlik qilinadi
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabbarov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari va «Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish» va «O‘zbekipaksanoat» uyushmalari mas’ul xodimlari o‘rtasida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehmonlar «O‘zbekipaksanoat» uyushmasidagi “Shovroom«ni ko‘zdan kechirishdi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar, tut plantatsiyasining yaratilishi, ipak qurti seleksiyasi, pillachilikni mexanizatsiyalash, sun’iy ozuqa yaratish, ipak qurti genetikasi hamda ipakchilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, muloqot davomida delegatsiya a’zolariga o‘zbek ipakchiligining tarixi va bugungi istiqbollari xususida ma’lumot berildi. Jumladan, o‘tgan 4-5 yillik davr mobaynida ushbu sohaga doir o‘nlab qaror va farmonlar qabul qilingani, amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgani qayd etildi.

Jahon bozori kon’yunkturasining tez fursatlar bilan o‘zgarib borayotganligi, iste’molchilarning talablari kuchayayotganligi, shuningdek, xorijiy bozorlarda o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshayotganligi pillachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
– bugungi kunda 74 ta pillachilik klasteri tomonidan 7,5 ming tonna quruq pilla qayta ishlanmoqda, – dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov. –2021 yilda 2 ming 378 tonna yoki 2020 yilning mos davridagiga nisbatan 7 foiz ko‘p xom ipak ishlab chiqarildi. Shuningdek, pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan ipak mahsulotlari turlari bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, ipak momiqini ishlab chiqarish 2021 yilda 793 tonna, kalavalangan ipak ipi tayyorlash 9 154,7 ming pogon metr, ipak gilam ishlab chiqarish 342 dona, tayyor ipakli mahsulotlar turkumi esa 935,7 ming donani tashkil etmoqda.
Respublikamiz bo‘yicha tutzorlar, tut xo‘jaliklari, pillani qayta ishlash korxonalari va aholi xonadonlariga jami 54 ming gektardan ortiq yerga 400 mingga yaqin tut ko‘chatlari ekilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilgi pilla mavsumida esa 26 ming 572 tonna pilla yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA