Ipakchilik sohasida kadrlar salohiyati oshirilmoqda (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova boshchiligida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev, Toshkent davlat agrar universiteti rektori v.v.b Sohibjon Islomov hamda bir qator professor va olimlar ishtirokida Respublika ipakchilik tarmog‘iga mutaxassis kadrlar yetkazib berish masalalari yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy o‘quv yurtlari tomonidan ipakchilik tarmog‘iga mutaxassis kadrlarning yetkazib berilishi va buning natijasida sohadagi bir qator kamchiliklar, xususan, ipak qurtining inkubatoriyada jonlanishi va undan keyingi bosqichlarda to‘g‘ri parvarish etilishiga e’tibor berilishi muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida har bir viloyatda ipak qurti urug‘lari sifat ko‘rsatkichini belgilab beruvchi laboratoriyalar tashkil etish topshirig‘i berilgan edi. Bugungi uchrashuvda ham ayni laboratoriyalar uchun mutaxassis kadrlar zarur ekanligi, shu yo‘nalishda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning o‘qish sharoitlarini yaxshilash, talabalar turar joylarida kun tartibini nazorat qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir so‘ngida Zulayho Mahkamova Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida ham bo‘lib, urug‘lari Xitoy davlatidan olib kelib ekilgan kanakunjut plantatsiyasi bilan tanishdi.
Shuningdek, institutning qurtxonasida tajriba sifatida parvarish etilayotgan kanakunjut ipak qurtlari ko‘zdan kechirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, kanakunjut ipak qurtlarining urug‘lari Xitoydan olib kelinib, O‘zbekiston sharoitiga moslashuvchanlik darajasini aniqlash maqsadida Ipakchilik ilmiy- tadqiqot institutida tajriba sifatida parvarish qilinmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/oZZm4oXU3Vk?si=K2KH4c5mTIVjI4Qi" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva, O‘zA