Ipakchilik sanoati rivojida yangi loyiha
Farmon va ijro
Buxoro viloyati Romitan tumanida pillachilik yo‘nalishida bir necha yillardan buyon O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi istiqbolli faoliyat yuritib kelmoqda. Mamlakatimizda ipakchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha taqdim qilinayotgan imtiyozlar natijasida jamiyat o‘z faoliyatini yil sayin kengaytirib, endilikda Xitoy va Vetnam tajribalari asosida “Yangi urug‘chilik kompleksi” va Toshkent davlat Agrar universitetining “Ipakchilik va tutchilik” kafedrasi filiali ish boshlaydi.
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Buxoro vohasida pillachilik qadimiy sohalardan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda viloyatda tizim tubdan yangilandi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarda keskin burilish yasadi. Farmonga ko‘ra, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda sohaga ilmiy yondashuv asosida innovatsiyalarni keng joriy qilish ham nazarda tutilgan.
Shunga muvofiq, so‘nggi ikki yil davomida yurtimiz olimlari hamda Xitoyning Shandon pilla urug‘chiligi instituti bilan hamkorlik doirasida Buxoroda loyiha qiymati 1,5 million AQSH dollari bo‘lgan yangi kompleks faoliyat boshladi. Endilikda bu joyda Xitoy va Vetnam davlatlaridan olib kelinadigan ipak qurtining boshlang‘ich tuxum quymalaridan super elita urug‘lari mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda ko‘paytiriladi.
– Viloyatda oxirgi yillarda 50 ming ipak qurti parvarishlanib, mazkur ipak qurtlarning aksariyati Xitoy davlatidan keltirilardi, – deydi jamiyat rahbari Ilyos Temirov. – Birinchi yili 25 ming quti, ikki-uch yilda viloyatni to‘liq ipak qurti urug‘i bilan, to‘rt-besh yilda qo‘shni viloyatlarga eksport qiladigan darajada ipak qurti urug‘i tayyorlashga erishish mo‘ljal qilingan. Mazkur korxona eksport majburiyatini bajarish bilan bir qatorda bu yildan boshlab yoshlarni o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratdi.
Urug‘chilikda mahalliy sharoitga mos, aholi uchun qulay, serdaromad navlarni ko‘paytirish, qolaversa, bandlik muammolarini hal qilish hamda qishloq aholisi manfaatdorligini ko‘tarishni maqsad qilgan mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan 55 ta doimiy va 450 ta mavsumiy ish o‘rinlari ham yaratilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi kompleksda kelasi yili 25 ming, 2027 yilda esa buni 100 ming quti tayyorlanishi reja qilingan.
[gallery-25631]
Buxoroda ipakchilik sanoatini rivojlantirish yuzasidan aniq va muayyan chora tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu dastur doirasida kelgusida shu joyda Xitoyning Shandon pilla urug‘chiligi instituti olimlari bilan yaqin hamkorlik ham o‘rnatiladi. Toshkent davlat Agrar universitetining “Ipakchilik va tutchilik” kafedrasi filiali negizida yosh mutaxassislarning ilmiy tadqiqotlar olib borishi uchun ham sharoitlar yaratiladi.
Muxtasar aytganda, agrar tarmoqning eng serdaromad sohalaridan biri bo‘lgan ipakchilik rivoji yo‘lida yurtimizda butun kuch va imkoniyatlar to‘la ishga solinmoqda. Bu boradagi tashabbuslar esa to‘plangan tajribalar asosida ipak sanoati taraqqiyoti yo‘lida muhim qadam bo‘lishi aniq.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.