Investitsiya - taraqqiyot omili
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Dong stone progress” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘tgan 2020 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi natijasida faoliyat boshlagan edi.
Ayni paytda 30 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxona tabiiy marmar toshni qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Xitoylik investorlar tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Korxona yiliga 10 ming kub marmar toshni qazib olish quvvatiga ega.
bugungi kunda korxona investorlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish arafasida. Shu maqsadda korxona ta’sischiligida tashkil qilingan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Samarkand stone Trade Corporation” qo‘shma korxonasi tomonidan tabiiy toshni qayta ishlash va 50 turga yaqin mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Korxona rahbariyati tuman markazida qayta ishlash sexini tashkil etish bo‘yicha qurilish ishlarini olib bormoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha joriy yil yakuniga qadar 3,5 million AQSH dollari qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 8 million AQSH dollari bo‘lib, ikkinchi bosqich amalga oshsa, bu yerda yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxonada ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan tabiiy tog‘ toshidan ishlangan mahsulotlarning 70-80 foizi eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA