Internetdan foydalanish madaniyati
Sirdaryoda internetdan foydalanish madaniyati va axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Sirdaryoda internetdan foydalanish madaniyati va axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.Xovos temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida “Vatan kelajagi – yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va ichki ishlar boshqarmalari vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, “ommaviy madaniyat” ta’siridan asrash, milliy axborot xavfsizligini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bugungi globallashuv davrida turli ma’naviy-mafkuraviy tahdidlar kuchayib bormoqda. Ular internetdan ekstremizm, zo‘ravonlik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatishda keng foydalanmoqda. Binobarin, yoshlarda internetdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini yuksaltirish, xalqaro tarmoq orqali kirib kelayotgan yot g‘oyalarga qarshi immunitetni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
– Ayni paytda jahon bo‘ylab axborot xuruji avj olmoqda, – deydi xalq deputatlari Xovos tumani Kengashi deputati Mahmud Boymurodov. – Mana shunday axborot xurujlari orqali farzandlarimiz ongini zaharlash, shu yo‘l bilan milliy qadriyatlarimizga putur yetkazish maqsadida qilinayotgan harakatlardan voqif bo‘lishimiz va ulardan yoshlarimizni asrashimiz lozim.
Tadbirda axborot xavfsizligi, internetdan foydalanish madaniyatiga doir mavzularda ma’ruzalar tinglandi.