Intensiv bog‘lar – to‘kinlik manbai
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligida 2015-yilda barpo etilgan intensiv bog‘da gilos pishib, olmaga rang kirdi.
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligida 2015-yilda barpo etilgan intensiv bog‘da gilos pishib, olmaga rang kirdi.– Ko‘chatlar qisqa vaqtda hosilga kirishi intensiv bog‘ning afzalligidir, – deydi fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Qahramon Ilhombekov. – Bu yil dastlabki hosildan gektaridan 10 tonnadan meva terib olishni mo‘ljallayapmiz. Keyinchalik hosildorlik 40-50 tonnaga yetishi kutilmoqda.
Xo‘jalikda o‘tgan yili 137 gektar maydonga quyosh nurining tushishi, shamol yo‘nalishi hisobga olinib, 40 santimetr chuqurlikda haydalgan tuproqqa intensiv texnologiya asosida olma, shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri, nok ko‘chatlari o‘tqazilgan edi. Bardonko‘l atrofidagi tekislikda joylashgan bog‘ tomchilatib sug‘orilmoqda. Bu ilg‘or uslub maydonlarni sug‘orishda suvni ikki baravargacha tejash imkoniyatini beradi. O‘g‘it suv bilan eritma holda aynan ko‘chat tuplarining o‘ziga yetkazilishi hosildorlikni oshirib, tuproq erroziyasining oldini olishga ham xizmat qilmoqda.
Sug‘orish va o‘g‘itlar bilan oziqlantirish obi-tobida amalga oshirilayotgan bog‘da bugun ko‘chatlar bo‘liq rivojlanayotir.
– Intensiv bog‘lardagi daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi uchun ular bilan ishlash qulay, – deydi tajribali bog‘bon Sherzod Haydarov. – Mevaning sifati yuqori va terish ancha oson. Bunda ish unumli, yuqori bo‘lishi bilan birga terilgan mevalarning sifatiga zarar yetmaydi, nobudgarchilik kamayadi.
Bog‘bonlar Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi "Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini mamnuniyat bilan kutib oldi.
– Meva-sabzavotning davlat buyurtmasiga kiritilgani bizni quvontirdi, – deydi fermer to‘lqinlanib. – Bozorlarimizni to‘ldirayotgan sarxil mevalaru darmondorilarga boy sabzavot mahsulotlarini xorijga eksport qilinishiga yanada keng yo‘l ochgan mazkur qaror hayotimiz bundan-da farovon bo‘lishiga xizmat qiladi. Qaysi mamlakatda shunday shirin-shakar mevalar bor? Bizda yetishtirilayotgan karsillagan husayniyu toifi, olma, o‘riklar asal bilan bellasha oladi. Meva-sabzavot yetishtiruvchilarning eksport korxonalari bilan shartnomalar tuzganda komission narxi 1 foizdan oshmasligi, 2019-yilning 1-yanvarigacha meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni qayta ishlaydigan xususiy mulk shaklidagi korxonalar zamonaviy texnologiyalar olib kirishda bojxona to‘lovlari kabi bir qator to‘lovlardan ozod etilgani Prezidentimizning biz, fermerlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligining yana bir yorqin ifodasidir.
Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fermer xo‘jaligining moddiy-texnik bazasi yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Joriy yilda yetishtirilgan hosilni saqlaydigan, 6 ming tonnalik muzlatkich qurish mo‘ljallanmoqda.