Intellektual mulk huquqlari takomillashadi
bugungi kunda mamlakatimizda intellektual mulk sohasini isloh qilish, mualliflar va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, sohaga oid qonunchilik bazasi shakllantirilib, davlat siyosati samarali yo‘lga qo‘yildi. Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish natijasida Intellektual mulk agentligi tomonidan so‘nggi yillarda intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish, mazkur sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda yiliga 4 ming 500 atrofida intellektual mulk ob’ekti, jumladan, 2 mingdan ziyod tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tadi. Shubhasiz, bu ma’lum darajada natijadorlikdan dalolat beradi. Biroq iqtisodiyotni jadal sur’atlarda rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish intellektual mulk sohasini ham tubdan isloh etishni taqozo qilmoqda.
O‘tgan yilning 12 oktyabrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirishda, xususan, bu sohadagi yutuqlarni tijoratlashtirishda intellektual mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash juda muhim ekanligini qayd etib, sohadagi bir qator muammolarni sanab o‘tdi. Xususan, ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarining uzoq vaqt davom etishi, intellektual mulk yaratuvchilarini rag‘batlantirish, patent egalarini mukofotlash kabi imtiyozlar tizimining mavjud emasligi kabi dolzarb muammolarga e’tibor qaratildi. Makzur muammolarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi, Intellektual mulk agentligi tomonidan davlat organlari va muassasalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari vakillari, xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy jamoasining sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, intellektual mulk himoyasini kuchaytirish yuzasidan tegishli fikr va mulohazalari o‘rganildi.
Bildirilgan asosli fikrlar va mulohazalar inobatga olingan holda, joriy yilning 28 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan «Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolanib, mazkur sohani yanada jadallashtirish bo‘yicha bir necha muhim qoidalar belgilandi. Mazkur qarorning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, unda tadbirkorlik sub’ektlari va bo‘lajak huquq egalariga katta imkoniyatlar yaratildi.
Birinchidan, qonunchilikka qator yengilliklar va rag‘batlantiruvchi qoidalarni kiritish belgilandi. Jumladan, joriy yilning 1 aprelidan boshlab, intellektual mulk sohasidagi xalqaro andozalar asosida tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinishi, intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etilishi nazarda tutilmoqda. Bunday yangiliklarning joriy etilishi ortiqcha byurokratik to‘siqlarning oldini olishga, intellektual mulk muhofazasining maqbullashtirilishiga keng imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, qaror bilan eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari yaratuvchilarini Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish bo‘yicha tavsiyalar kiritish, har yili “Eng yaxshi intellektual mulk ob’ekti” tanlovini tashkillashtirish hamda tanlov g‘oliblariga pul mukofotlari topshirish, shuningdek, tegishli tashkilotlarning 100 ta “mahalliy brend”larni xalqaro ro‘yxatga olish, har bir hududda yiliga kamida to‘rt marta franshizalar yarmarkasi va ko‘rgazmalarini tashkil etish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Bunday rag‘batlantirish orqali, pirovard natijada milliy mahsulotlarimizning jahon bozorlarida tanilishiga, eksport salohiyatining oshirilishiga erishish mumkin.
Ikkinchidan, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish nazarda tutilmoqda. Joriy yilning 1 oktyabrga qadar Agentlik huzuridagi “Patent platformasi” ishga tushirilib, platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlar ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi. Intellektual mulk huquqining buzilishi holatlari, huquqbuzarlik avj olayotgan va huquqbuzarlik darajasi pasaymayotgan hududlar haqidagi ma’lumotlar, huquqbuzarliklar reyestrini o‘z ichiga oluvchi “IP-Protection” axborot portali tashkil etiladi. Bunday dasturiy vositalarning yaratilishi intellektual mulk yaratishga bo‘lgan manfaatdorlik va qiziqishning ortishiga sabab bo‘lib, ixtirochilar va mualliflarning mavqeini oshirishga, intellektual mulk huquqi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi tizimli ravishda kurashishga xizmat qiladi hamda mahsulot va xizmatlarni tijoratlashtirishga keng imkoniyat yaratadi.
Uchinchidan, qarorda ilm-fan va ta’limning intellektual mulk muhofazasidagi o‘rnini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlarini intellektual mulk masalasida iqtisodiyot tarmoqlari bilan bog‘lashni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga, jumladan, respublika ta’lim tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilmoqda. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi ta’lim yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy tajriba asosida hamda yosh avlod orasida ijodkorlarning mehnatiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan intellektual mulk fanlari joriy etiladi va ular bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda sohada faoliyat olib boruvchi amaliyotchilar ishtirok etishi ta’minlanadi.
Shuningdek, sudyalarni intellektual mulk sohasida o‘qitish dasturi ishlab chiqilib, yil yakuniga qadar sudyalarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish, bunda xalqaro tashkilotlar ko‘magi ostida intellektual mulk sohasidagi nizolarni ko‘rib chiquvchi sudyalar uchun chuqurlashtirilgan o‘quv dasturi tashkil etilishiga alohida urg‘u berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mazkur sohada kadrlarni tayyorlash Toshkent davlat yuridik universitetida 2018 yildan yo‘lga quyilgan bo‘lib, bugungi kunda universitetda alohida “Intellektual mulk huquqi” kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur kafedraning asosiy maqsadi intellektual mulk sohasi kadrlarni tayyorlash, tegishli ilmiy-tadqiqot va o‘quv-metodik ishlarni amalga oshirish hisoblanadi. Jumladan, universitetda intellektual mulk sohasida ilmiy kadrlarni tayyorlashga e’tibor qaratilib, dolzarb mavzular doirasida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, magistratura bosqichida intellektual mulk sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilib, 2019/2020 o‘quv yilining o‘zida intellektual mulk mutaxassisligi bo‘yicha 17 nafar magistr tayyorlandi.
Muxtasar aytganda, intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omili bo‘lib, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shadi hamda intellektual mulk himoyasini mustahkamlash Uchinchi Renessansga ishonchli poydevorlardan biri bo‘ladi.
Shohjahon Xo‘jayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
intellektual mulk huquqi kafedrasining mudiri,
yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)