Intellektual mulk himoyasi qanday ta’minlanmoqda?
Mualliflik huquqi himoyasi asrlar davomida shakllangan, bu yo‘nalishda xalqaro hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, ularni amalda to‘liq ta’minlash mushkullashib bormoqda. Chunki axborot texnologiyalari rivojlangani sari intellektual mulkka oid huquqlar himoyasi ham murakkablashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid videoselektor yig‘ilishida sohani rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligini ta’kidlash bilan birga bu yo‘nalishda muammolar mavjudligiga e’tibor qaratgan.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa ana shu muammolarni bartaraf etishga qaratildi.
Qaror bilan intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, Intellektual mulk (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari) sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy ishlar dasturi tasdiqlandi.
2021 yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) ob’ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettirishi belgilandi.
Yuristlar malakasini oshirish markazida “Intellektual mulk huquqi qonunchiligini takomillashtirish: nazariya va amaliyot muammolari” mavzuidagi tashkil etilgan respublika anjumanida shu haqda gap bordi.
Anjumanda Fuqarolik kodeksining yangi loyihasida intellektual mulkka oid normalarni takomillashtirish, intellektual mulkni himoya qilishning institutsional asoslari va mexanizmlarini joriy etish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Intellektual mulk ob’ektlarini respublika hududiga olib kirish va olib chiqishda bojxona rejimini qo‘llash masalalari, qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiya qilishning nazariy hamda amaliy masalalari, mualliflik huquqini amalga oshirishda shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
Intellektual mulkka oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqarish, xalqaro majburiyatlarini bajarish, ushbu mavzuni o‘qitish va tadqiq etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mulohazalar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA