Institutning 60 yilligi nishonlandi
Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etilganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida institut professor-o‘qituvchilari, yurtimizdagi hamda institut bilan hamkorlik qilayotgan qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirni institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov ochib, institut jamoasini qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qongratboy Sharipovning tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ko‘p yillardan buyon yuqori malakali pedagog kadrlar, tarjimonlar tayyorlash borasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Andijon davlat chet tillari institutida ayni kunda 20 ta bakalavriat va 7 ta magistratura yo‘nalishida 3 ming 646 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta’lim sifatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish maqsadida o‘quv jarayonlariga AQSH, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Kanada kabi davlatlardan 36 nafar malakali mutaxassis jalb etildi.
Shuningdek, institut tomonidan qator muhim ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi. Xususan, “Hokim akademiyasi” platformasi orqali viloyat yoshlari uchun 102 ta hamda mehnat migrantlari uchun 60 ta bepul onlayn videodarslar yaratilib, foydalanilmoqda. Qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar doirasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda institut Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari konsulliklari hamda elchixonasi, Fransiya Ittifoqi, Germaniya elchixonasi, Singapurning Amity xalqaro universiteti, ETS xalqaro tashkiloti, Buyuk Britaniyaning Kembridj hamda Porstmut universitetlari, AQSHning Ogayo universiteti hamda Norvich instituti, Koreyaning Cheju Hala hamda King Sejong universitetlari, Rossiya Federatsiyasining Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universiteti, Turkiyaning Kanfas, Gazi va Hoji Bayram universitetlari hamda Hindistonning Milliy turizm va mehmondo‘stlik menejmenti institutlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish borasida ham yuqori natijalarga erishilmoqda. Institut jamoasi respublika fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, 2024-yilda 43 ta oliy ta’lim muassasasi orasida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni (ingliz tili bo‘yicha 1-o‘rin), 2025-yilda esa faxrli 2-o‘rinni (koreys, xitoy va arab tillari bo‘yicha 1-o‘rin) egalladi. Bundan tashqari, institutning iqtidorli talabalari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalari sohiblari yetishib chiqqanligi institutda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy natijasidir.
Hozirda institutda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, zamonaviy qulayliklar yaratish, talabalarning puxta bilim olishiga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, institut infratuzilmasini takomillashtirish doirasida bir ming o‘rinli yangi o‘quv binosi, shuningdek, barcha qulayliklar yaratilgan 800 o‘rinli yotoqxona talabalar ixtiyoriga topshirildi. Mazkur maskanlarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun futbol, voleybol va vorkout maydonchalari barpo etilib, talabalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
[gallery-29748]
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida institut huzurida filologiya va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashlar o‘z faoliyatini boshladi. Bu muassasaning ilmiy mustaqilligini ta’minlash va yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimiz prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni talabalar o‘rtasida keng ommalashtirish maqsadida “Besh muhim tashabbus markazi” tashkil etildi. Zarur moddiy-texnik bazaga ega, sport zal, kutubxona, bookkafe, ochiq sport maydoni va konferensiyalar zali mavjud bo‘lgan ushbu markaz talabalar ixtiyoriga to‘liq topshirildi.
Markazga jalb etilgan yoshlardan “Ibrat” teatr studiyasi, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi tashkil etildi. Ushbu jamoalar viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Bayram tadbirlari doirasida yangi nashr etilgan kitoblar hamda ilmiy jurnallar taqdimoti, matbuot anjumani, turli yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘’ba yig‘ilishlari, kitoblar, iqtidorli talabalarning ilmiy, innovatsion g‘oya va loyihalari, shuningdek, kalligrafiya va san’at ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Turli fakultetlar talabalar jamoalari o‘rtasida “Institut tarixi va buguni” mavzusidagi viktorina, institut talabalari ijrosidagi institut tarixiga oid sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchi va mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Bayramning madaniy tadbirlarida o‘zbek milliy qo‘shiq va raqslari bilan bir qatorda, rus, koreys, turk, nemis va fransuz tilida ijro etilgan qo‘shiq va raqslar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.