Institut maqomining oshirilishi vakolat emas, mas’uliyatdir
Chorvachilik O‘zbekistonning nafaqat qishloq xo‘jalik sohasida, balki butun iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Jahon miqyosida yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy inqirozlar jarayonida iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi kamayib, odamlarning qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari cheklangan murakkab sharoitda ushbu soha mamlakatimizda aholi farovonligi darajasini barqaror saqlab turishda muhim o‘rin tutmoqda.
Bugun pandemiya munosabati bilan bozor iqtisodiyoti mexanizmlari yanada faollashib, oziq-ovqatga bo‘lgan talab kundan kun ortib borayotgan paytda esa mazkur soha samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish eng muhim vazifa sanaladi.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda aholining go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlanishi yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, chorvachilik rivoji uchun bizda barcha imkoniyatlar yetarli, ammo ana shu imkoniyatlardan samarali foydalana olmayotganimiz eng asosiy kamchiliklarimizdan biridir.
Albatta, bizda ham chorvachilikning ilmiy bazasini yaratish va hududlarning tabiiy-iqtisodiy sharoiti, ozuqa bazasiga qarab mintaqalar bo‘yicha rivojlantirishda ma’lum ko‘nikma va tajribalar mavjud. Ammo bu bugungi globalizatsiya jarayonlari uchun kamlik qilmoqda.
Chorvachilik sohasining rivoji avvalo, mutaxassis – kadrlarga bog‘liq. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bu borada mintaqadagi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun mazkur dargoh tayyorlayotgan mutaxassislar raqobatbardoshligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagina emas, balki hamdo‘stlik mamlakatlari mutaxassislari bilan bellasha oladigan darajaga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Prezident adminstratsiyasi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, shuningdek, moliya, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklari mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tomonidan institut va uning ilmiy salohiyati, yo‘nalishlari, tayyorlanayotgan mutaxassislar, moddiy-texnik baza chuqur o‘rganib chiqildi. Muassasa rahbari sifatida shuni aytishim kerakki, shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu o‘rganish ishlari ta’lim muassasasi uchun juda foydali bo‘ldi. Amalga oshirayotgan ishlarimiz va imkoniyatlarimiz sinchiklab o‘rganildi, tahlil qilindi. Yutuq va kamchiliklarimiz haqida bilib oldik, kelgusidagi harakatlarimiz qanday bo‘lishi kerakligi oydinlashdi.
Chorvachilik rivoji yana qaysi omillarga bog‘liq – birinchidan, mutaxassis kadrlar bo‘lsa, ikkinchidan, ozuqa bazasini shakllantirishga. Bizda ozuqa ekinlarini yetishtirishda muammo bor. Bu mamlakatda chorvachilik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarning eng jiddiylaridan biri. Shuning uchun ozuqa-yem ta’minotini uzluksiz yo‘lga qo‘yish, naslchilikka alohida e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, chorvachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni o‘qitish, ularga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetarli ma’lumotlar berish ham bugungi kun talabi. Masalan, tadbirkor parrandachilik bilan shug‘ullanadi. U o‘z yo‘nalishi bo‘yicha barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi yoki uning xo‘jaligida ana shu bilimlarni mukammal egallagan mutaxassis bo‘lishi kerak. Shundagina uning ishlari yanada yurishib ketadi, biznesi rivojlanadi.
Yoki deylik, xorijdan naslli qoramollar keltiriladi. Ularni tabiiy iqlim sharoitiga moslashtira olmaslik, yetarlicha parvarishlamaslik yoki ozuqasi borasidagi bilimsizligimiz oqibatida ko‘zlangan natijaga erisholmaymiz.
Bu jarayonlarda bizning o‘rnimiz qanday bo‘lishi kerak, vazifamiz nimalardan iborat, soha rivoji uchun yurtimizga qaysi jihatlarga e’tibor qaratish kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kuni kecha qabul qilingan “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ana shu savollarga javob bor
Qarorga asosan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi.
Veterinariya va chorvachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim maskani faoliyati ko‘lamini kengaytirish, xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni tizimli olib borish, innovatsion ta’lim va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ta’lim va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash universitetning ustuvor vazifalari etib belgilandi.
Bu tarixiy qaror soha mutaxassislari, mas’ul mutasaddilar zimmasiga shunchaki vakolat emas, balki katta mas’uliyat yuklaydi. Mintaqadagi tayanch oliy ta’lim muassasasi oldidagi vazifalar yanada kengayadi, deb aytish mumkin.
Joriy yilda birinchi qaldirg‘ochlar ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini bitiradilar va ularga universitet diplomi beriladi. Ayrimlar magistraturada ta’limni davom ettirishadi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari, shaxsan qo‘mita raisi B.Norqobilov bir necha marotaba talaba – yoshlarning bitiruv imtihonlarida, dars jarayonlari va malaka amaliyotlarida ishtirok etgan. Talabalarning bilimi umumiy tarzda ijobiy baholangan. Qo‘mita vakillari tomonidan a’lochi talabalar hamisha rag‘batlantirilib, pul mukofotlari bilan taqdirlangan. Bu bilan bilim hamisha yuqori baholanishini e’tirof etmoqchimiz.
Dunyoda veterinariya sohasi aslida juda yuksak baholanib, oziq-ovqat havfsizligiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar sifatida yuqori maosh olishadi. Ta’lim muassasasi tayyorlayotgan yosh mutaxassis kadrlar ham bugun mamlakatimizning turli hududlaridagi kompaniyalarda, xo‘jaliklarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Misol uchun, G‘anijon Begboyev institutning ana shunday mutaxassislaridan biri. Hozirgi kunda u Buxoro viloyati Qoravulbozor tumanidagi "Buxoro agroklaster chorva" MCHJda bosh veterinariya vrachi lavozimida ishlab 1,5 ming AQSH dollori miqdorida oylik maoshi oladi. G‘anijon kabi yoshlar Sirdaryoda va boshqa viloyatlarimizda ham bor. Demak, xorijdan katta pul evaziga mutaxassis yollashga hojat yo‘q. Mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlaymiz va ular raqobatbardosh kadrlardir.
Universitet zimmasiga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish vazifasi yuklatildi.
Veterinariya mutaxassislari Xalqaro Epizootik Byuro standartlari bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda tayyorlanishi zarur. Biz ayni kunda AQSHning Minnesota universiteti bilan o‘quv dasturlari va rejalarimizni muvafiqlashtiryapmiz. Xorij bilan hamkorlik aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda bir guruh professor-o‘qituvchilarimiz bilan Amerikada bo‘lib, u yerdagi ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Joriy – 2022 o‘quv yilidan boshlab bizda ham 5 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, tayanch oliy ta’lim muassasasi bo‘lgach, hududlarda tashkil etiladigan ta’lim muassasalariga ham moddiy texnik bazani shakllantish, professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash, shuningdek o‘quv dasturlari bo‘yicha ham ko‘mak berishimiz zarurligi belgilangan. Qarshi muxandislik-iqtisodiyot institutida oziq-ovqat havfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha fakultet tashkil qilishga ko‘maklashyapmiz.
Instituti qoshida shu paytgacha 23 ta kafedra faoliyat ko‘rsatib keldi. Kafedralar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizning viloyatlari, hududlariga biriktirilgan. Ular yil davomida o‘zlari biriktirilgan hududlarda seminar-treninglar o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, baliqchilik, parrandachilik, qoramolchilik, asalarichilik, yilqichilik va boshqa sohalarida tashkil etiladigan bu seminarlar xo‘jaliklar, fermerlar va tadbirkorlar uchun juda foydali bo‘lmoqda. Qayerda muammo bo‘lsa, olimlar o‘sha muammoni o‘rganishadi, yechim topishadi, kasallik tarqalishidan oldin profilaktika ishlari olib boriladi.
Mahallabay ishlash tizimi ham deyarli shunday. Mutaxassislarimiz aholi xonadonlarida pullik hizmatlarni ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu islohotlar chorvachilik sohasi rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarimizni tizimli hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilm-fan barcha ishlarimizda ko‘makchidir. Ilmiy asoslangan xulosalar bilan turmushimiz yanada farovon, xalqimiz dasturxoni esa to‘kin bo‘ladi. Chorvachilik ana shunday barakali va serdaromad soha.
Xudaynazar YUNUSOV
SamVMI rektori,
biologiya fanlari doktori, professor,
O‘zA