Inspektor-psixologlarning vakolatlari kengaytiriladi
Mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi kunda respublikamizda voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik holatlari ortib borayotgani hamda muammoli o‘quvchilar bilan ularning ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash tizimida kamchiliklar mavjud ekani kuzatilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning hamda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan seminarda batafsil muhokama qilindi.
Ishtirokchi mutaxassislar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirar ekan, uning qabul qilinishi ushbu toifadagi huquqbuzarliklarga nisbatan ular aniqlangan joyning o‘zida ta’sir choralarini qo‘llashga, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish ishlari samaradorligining oshishiga, inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarning mavqeini oshirishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA