Insonparvarlik tamoyili mujassam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida - Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, Konstitutsiya bayrami tantanalari arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolanishi davlatimizning insonparvarlik siyosatini yaqqol namunasi bo‘ldi deb aytishga asos bo‘ladi.
Ma’lumki, mamlakat Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga muvofiq, amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritishi va O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish vakolatiga ega.
Aynan ushbu vakolat asosida bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 483 nafar shaxsni Prezident tomonidan afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 107 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi. 275 nafari esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
7 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 94 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Ushbu afv etilganlarning 25 nafarini chet el fuqarolari, 32 nafarini ayollar, 5 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 274 nafarini yoshlar (shulardan, 104 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiyada belgilab berilgan “afv etish” vakolatdan juda keng foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish orqali davlatning chin ma’noda insonparvarlik g‘oyalariga va “Inson qadri uchun” tamoyiliga sodiqligini keng jamoatchilikka, qolaversa, butun dunyoga namoyon etayotgani quvonarli, albatta.
Yangi O‘zbekistonning birinchi kunlaridan, aniqrog‘i, 2017 yildan buyon sud tomonidan hukm qilingan va jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni afv etishni nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarini tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, birgina 2017-2021 yillarda jami 21 ta Prezident farmoni chiqarilgan bo‘lib, ushbu farmonlar asosida sud tomonidan hukm qilingan 5555 nafar mahkum afv etilgan.
Agar yillar kesimini oladigan bo‘lsak, 2017 yilda Prezident Farmoni bilan 2 ming 700 nafar mahbus ozod etilgan. 2018 yilning o‘zida uchta farmon e’lon qilinib, 621 nafar mahbus oilasi bag‘riga qaytgan. 2019 yilda esa, davlatimiz rahbari to‘rtta farmonga imzo chekdi va 771 nafar shaxs qamoqxonalarni tark etdi. 2020 yilda 616 nafar, 2021 yilda 637 nafar, 2022 yilda esa 605 nafar mahkum afv etilgan.
Masalani muhim jihati shundaki, Prezident farmonida mahkumlarni faqat afv etish emas, balki ularni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish barobarida, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ko‘mak berish bo‘yicha mas’ullarga alohida topshiriqlar berilgan. Demak, afv etish zamirida nafaqat kechirimlilik, balki davlatning yuksak insonparvarlik g‘oyalarga sodiqligi ham namoyon bo‘lmoqda.
Bugun Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “inson-jamiyat-davlat” prinsipini mustahkamlanishi barobarida mamlakatda o‘lim jazosi konstitutsiyaviy darajada taqiqlanadi.
Keling, mamlakatimiz jinoyat qonunchiligida belgilangan o‘lim jazosi tarixiga murojaat qilib ko‘raylik.
Ma’lumki, mamlakatimizda o‘lim jazosi 2005 yilda bekor qilingan. O‘lim jazosi bekor qilingunga qadar Jinoyat kodeksining o‘lim jazosini nazarda tutuvchi moddalari 33 tadan 2 taga kamaytirilib, o‘lim jazosi faqatgina qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi belgilangan edi.
O‘lim jazosi bekor qilingunga qadar, mamlakatimizning jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni jinoiy jazolarga tortiladigan qilmishlar umumiy sonining bir foizidan kamrog‘ini tashkil etgan. Shuningdek, o‘sha vaqtlardayoq amaldagi Jinoyat kodeksida ayollarga, voyaga yetmaganlarga va 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan o‘lim jazosi tayinlash bekor qilingan.
Tarixdan ma’lumki, o‘lim jazosi insoniyatga ma’lum bo‘lgan eng qadimiy jazo turlaridan hisoblanadi. Qilmish uchun jazoning bu turi qonli o‘ch olish odatlaridan kelib chiqqanligi ko‘pchilikka ma’lum. O‘lim jazosi eng qadimgi insoniyat taraqqiyot bosqichida odatiy hol hisoblangan. Hatto qadimgi Gretsiya, Rim, Misr qonunlarida bir qancha jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llashni nazarda tutgan normalar mavjud bo‘lgan.
O‘tgan asrning 30-40 yillarida insonning sodir etgan jinoyati uchun o‘lim jazosi tayinlash odatiy holga aylangan bo‘lib, mustabid tuzum qonunlaridan qancha-qancha oilalar aziyat chekkani, norasida farzandlar yetim qolgani ko‘pchilikning kechagidek esida turibdi. Jazoning va qonunlarning adolatsizligi, shafqatsizligi tufayli yaqin o‘tmishda “o‘zbek ishi” bo‘yicha otuvga hukm qilinganlarning taqdiri hammaga ma’lum. O‘sha davrlarda jinoyat sodir etgan mahkumga o‘lim jazosini tayinlanishi ko‘pchilik uchun tabiiy va bu odatiy hol sifatida qabul qilingani, afsuski, haqiqat.
Hayot shuni ko‘rsatdiki, inson huquqlari va erkinliklari, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, himoya qilish, kafolatlash – bularning barchasi bir qarashda oddiy bo‘lib ko‘ringani bilan amalda, o‘ta murakkab masala hisoblanadi. Ularning muvaffaqiyatli hal etilishda faqatgina davlatning sa’y-harakati yetarli bo‘lib qolmay, balki, butun jamiyat a’zolarining bu masalaga qay darajada tayyor ekanligi, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasiga ham bevosita bog‘liqligi ma’lum.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish maqsadida, umuman ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etishda keng ko‘lamli islohotlar davom etmoqda.
Yangi Konstitutsiyada O‘zbekistonda o‘lim jazosini umuman taqiqlash to‘g‘risidagi qoidani belgilanishi davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi ekanligini e’tirof etishni joiz deb bilamiz.
Qolaversa, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Bu huquq insonga Yaratgan tomonidan in’om etilgan. Bundan uni hech kim mahrum etishga haqli emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’biri bilan aytganda: “Insonni rozi qilish - bu avvalo, Yaratganni rozligini topish” demakdir.
RAXAT ISMAYLOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyasi,
O‘zA