Insoniyatning haqiqiy xaloskorlari
Bir insonning hayotda o‘z yo‘lini topib ketishi eng murakkab jarayon. Negaki, yo‘llar bisyor bo‘lib, kishining unda adashib qolishi hech gap emas. Adashmoq esa fursat bilan birga ko‘p narsani qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, har kimning bunda yo‘lchi yulduzga ehtiyoji bor. Yo‘lchi yulduzlar esa shubhasiz ustoz degan ulug‘ maqomga munosib bo‘lishni uddalayotganlardir.
Ustozlar azal-azaldan ma’rifat timsoli. Zotan, insoniyatni jaholat botqog‘idan asrab kelayotganlar ham ular. Ota-ona farzand kamolotida qanchalik muhim o‘rin tutsa, muallimlar ham ulardan kam ahamiyat kasb etmaydi. Shuning uchun dono xalqimizda: "Ustoz otangdek ulug‘", deyiladi.
Insoniyatga berilgan eng oliy tuhfa uning imkoniyatidir. Imkoniyatlarni esa aynan ustozlar kashf etadi. Ota-ona doim ham farzandining layoqatini to‘g‘ri ilg‘ay olmaydi. Chunki ularning zimmasida moddiy ta’minot ham mavjud. Murabbiylar esa katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarga biz ta’kidlagan yo‘l xaritasini chizib berishadi. Bu yo‘ldan yurganlar esa aslo kam bo‘lmaydi. Qolaversa, beminnat imkon beradiganlar ham aynan ular. Bu esa insonning o‘zligini anglashiga sabab bo‘ladi. O‘zlikni anglash, hayotni anglash demakdir.
Mustahkam jamiyat va rivojlangan davlat shakllantirishga intilayotgan mamlakat borki, ustozlarni ulug‘laydi. Shu ma’noda so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan Inson qadri tamoyiliga tayangan siyosat muallim va murabbiylar qaddi-yu qadrini tikladi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ezgu g‘oya hech qachon meva bermay qolmaydi deganlaridek, bu o‘z samarasini berib, yoshlarimiz ham ilmda, ham sportda jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari da’vat etayotgan Uchinchi renessans g‘oyasi baralla va ishonchli yangramoqda.
Xulosa qilib aytganda, ustozlar insoniyatning haqiqiy xaloskorlari. Ularni munosib qadrlash, saboqlariga amal qilish esa har birimizning burchimiz desak, adashmaymiz.
Sherbek Islomov
O‘zA