Inson qadri va manfaati hamma narsadan ustun
Yangi O‘zbekistonimizda keyingi yillarda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati va uning dunyo hamjamiyatida ham e’tirof etilayotgani barchamizni birday quvontiradi, g‘ayratimizga-g‘ayrat, shijoatimizga-shijoat qo‘shadi.
Shu yurtda yashayotgan har bir inson tinch va baxtli hayot kechirish, salomat bo‘lishi uchun davolanish, mukammal ta’lim olish uchun o‘qish, mehnat qilish va oilasini tebratish huquqlariga ega. Buning uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Buni davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar misolida ko‘rish mumkin.
Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati sifatida menga ishonch bildirilib saylangan hududdagi quyi qatlam tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish Jizzax shahar bo‘limi faoliyatini o‘rganim. Shu o‘rinda bo‘limda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va adolatli ko‘rib chiqilishiga, fuqarolar bilan ishlashni tizimli ravishda tashkil etilishiga, har bir murojaatga jiddiy yondoshilganiga, murojaat qilib kelgan fuqarolarni tinglash jarayonida ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish tizimli yo‘lga qo‘yilganligiga guvoh bo‘lib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Kuni kecha Jizzax viloyati tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish Jizzax shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Jamila Ropiyeva bilan birgalikda menga ishonch bildirib, deputat etib saylagan va hokim yordamchisi sifatida men faoliyat olib borayotgan Jizzax shahridagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, ishni “xonadonbay” tizimida tashkil etdik. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi o‘zgalar ko‘magiga muhtoj keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami xonadonlariga uyma-uy kirib, holidan xabar oldik.
[gallery-10407]
Fuqarolarning tabiiy gaz va elektr ta’minoti ahvoli bilan, yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdik. Ba’zi yuzaga kelgan kamchiliklarni yon daftarimga qayd etib, shu kuniyoq mutasaddi idora rahbarlari bilan bog‘landim. Telefon orqali hal bo‘lmagan ba’zi muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida deputat so‘rovlari jo‘natdim.
Bir muddat avval mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi sifatida o‘rganish chog‘imda, “Shodlik” MFYda yashovchi 5 nafar saylovchilarimning murojaatlari ham o‘zining ijobiy yechimini topdi, ya’ni mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan 5 nafar shu mahalla fuqarosiga elektr yuritmali nogironlar kreslo-aravachalarini topshirdik.
Bu aravachalarni olgan insonlarning ko‘zlari chaqnab, quvonch yoshlarini ko‘rib kam bo‘lsada yordamim tekkanidan shu qadar shodlandimki, buni oddiy so‘zlar bilan ifodalab bera olmayman. Eng muhimi, bularning barchasi Prezidentimiz tashabbusi, sa’y-harakatlari, davlatni oqilona boshqaruvi, xalqparvar siyosat olib borayotganliklari tufayli amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda inson qadri va uning manfaati hamma narsadan ustun ekanligining yaqqol isbotidir.
Abdulaziz XUJAKOV,
Jizzax shahar Kengashi deputati,
shahar hokimi yordamchisi
O‘zA