Inson manfaatlari har narsadan ustun (+video)
Mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lashda sog‘liqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ayni shu maqsadda respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish va uning rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanyapti. Bunga birgina misol, turli murakkab jarrohlik amaliyotlari hududlarning o‘zida ham amalga oshirilayotganidir. Bundan tashqari, qisqa davrda turli yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida amaliyotlarning ko‘paygani, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarining oshgani ham kishini quvontiradi. Zero, salomatlik bo‘lmasa, ishda unum, uyquda rohat, umrda halovat bo‘lmaydi. Ayniqsa, bu ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lsa.
Ko‘z kasalliklari orasida katarakta deb ataluvchi xastalik ko‘z tabiiy gavharining modda almashinuvi sabab loyqalanishi, kundalik turmush tarzida noaniq, bulut ichidagi kabi ko‘rish va bezovtalikni keltirib chiqaradigan kasallik hisoblanadi. Bu holat xalq tilida «Parda tushish» deb ham ataladi. Kataraktani aniqlash uchun keng ko‘lamli tekshiruvdan o‘tish kerak bo‘ladi. Ko‘pincha katarakta yoshga doir o‘zgarishlar sabab kelib chiqadi, shu bois hech kim unga qarshi kafolatlanmagan. Faqat tajribali shifokorgina kasallik rivojlanishining ilk bosqichida zamonaviy texnikadan foydalangan holda katarakta tashxisini qo‘yishi mumkin.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/zVWeKxVXGgU" title="Inson manfaatlari har narsadan ustun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, markazga bir kunda 300-400 nafar bemor murojaat qiladi. Ular to‘liq tekshiruvdan o‘tgach, xastaliklari bo‘yicha yo‘naltiriladi.
Hududlardan yo‘llanma asosida kelayotgan bemorlarning boshqa xastaliklar kabi katarakta bo‘yicha jarrohlik amaliyoti uchun xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan davlat byudjeti hisobidan qoplab berilyapti.
Ma’lumot uchun, mazkur markazga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan 6 milliard so‘mga shartnoma tuzilgan bo‘lib, joriy yil 15 mart holatiga ko‘ra, 1 milliard 650 million so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Ushbu mablag‘ evaziga 800 nafardan ko‘proq bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Amaliyotlarning narxi eng kami 3 million so‘mdan boshlanib, 30 million so‘mgacha baholanadi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Xalq tibbiyot sohasiga qanchalik ishonsa, davlatga ham shunchalik ishonadi. Xalq ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan rozi bo‘lsa, davlatdan, bugungi yuritilayotgan siyosatdan ham rozi bo‘ladi».
Barno MELIQULOVA,
Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA