Inson manfaati — ijtimoiy siyosatning bosh mezoni
Mustaqillik — bu milliy o‘zlikni anglash, davlat suverenitetini ta’minlash va har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi kafolati.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini yuksak g‘urur va iftixor bilan qarshi olyapmiz. O‘tgan o‘ttiz besh yil davomida mamlakatimiz murakkab va sharafli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi keng ko‘lamli islohotlar mustaqillik g‘oyalarini yangi mazmun bilan boyitdi. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amaliy mezonga aylandi.
Davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy himoya tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekani mustahkamlangani mamlakat taraqqiyotidagi tarixiy burilish bo‘ldi. Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar qariyb uch barobar ko‘paygani ham islohotlarning aniq siyosiy-huquqiy yo‘nalishini ko‘rsatadi. Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va bosh qa ijtimoiy yordamlar miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlandi.
Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilandi. Davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, kasb egallashi va ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish majburiyati konstitutsiyaviy kafolat darajasiga ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan ikki baravar oshgani, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi besh barobar ko‘paygani, nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishi bilan band shaxslar uchun yangi nafaqa turlari joriy etilgani ana shu siyosatning amaliy natijalaridir.
Ayniqsa, Prezidentimizning tegishli farmoni bilan qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Dastur doirasida oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlash, bandlikni oshirish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy xizmatlarni manzilli tashkil etishga qaratilgan choralar natijasida 2025-yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik darajasi esa 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi.
Bu raqamlar iqtisodiy o‘sish natijalarini aholi farovonligiga aylantirishga qaratilgan siyosatning amaliy samarasini yaqqol ko‘rsatadi. Kambag‘allik masalasi ochiq tan olinishi va uni qisqartirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi yangi O‘zbekistonga xos siyosiy jasorat namunasidir.
So‘nggi yillarda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 2,2 milliondan oshdi. Bu mustaqillikning ilk davrlariga nisbatan deyarli 5 barobar ko‘p demak. Birgina ijtimoiy himoya sohasiga ajratilayotgan yillik mablag‘lar hajmi 20 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda.
Taraqqiyotning eng katta yutuqlaridan biri — inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar. Maktabgacha ta’lim qamrovi 2017-yildagi 27 foizdan bugungi kunda 74,6 foizga yetkazildi. Mamlakatda bog‘chalar soni 30 mingdan oshdi.
Oliy ta’lim tizimida ham rekord ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda. Oliygohlar soni 210 tadan oshdi (ularning aksariyati xususiy va xorijiy OTMlar). Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 42 foizga ko‘tarildi. Xotin-qizlar uchun ajratilgan grantlar va maqsadli kvotalar tizimi tufayli talaba-qizlar ulushi ilk bor 50 foizlik dovondan o‘tdi.
Mustaqillik yillarida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 67 yoshdan 74,3 yoshga (ayollar o‘rtasida 76 yoshga) uzaydi. Bu sog‘liqni saqlash tizimidagi sifat o‘zgarishlarining bosh indikatori hisoblanadi. Tibbiyot sohasiga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi so‘nggi 7 yilda 6 barobarga oshib, 30 trillion so‘mdan ziyodga yetdi. Hududlarda 2 mingdan ortiq oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalar tashkil etildi. Eng muhimi, ilgari faqat poytaxtda qilingan murakkab kardiojarrohlik va transplantatsiya amaliyotlari bugungi kunda viloyat markazlarida ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan.
Aholini shinam va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda kuzatilayotgan qurilishlar ko‘lami va bunyodkorlik ishlari fikrimizning yaqqol isbotidir. Davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirish, ipoteka bozorini kengaytirish va ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida sohada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga boshlang‘ich subsidiya ajratilmoqda.
«Yangi O‘zbekiston» massivlari doirasida har yili o‘rtacha 80 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni qaror toptirish davlat siyosatining ortga qaytmas yo‘liga aylandi.
Nosirjon G‘AFFOROV,
Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti dotsenti,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
O‘zA