Inson huquqlari bo‘yicha tajriba almashildi
Inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta’minlash muhim masalalardan biridir. Shu bois yurtimizda inson huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyati, uning milliy va xalqaro huquqiy normalar doirasida ish olib borayotgani alohida ahamiyatga ega.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Polshaning Varshava shahriga qilgan amaliy tashrifi doirasida Polsha Ombudsmani Marchin Vyonsek bilan uchrashdi.

— O‘zbekiston va Polsha Ombudsmanlari samimiy suhbat davomida o‘zaro tajriba almashdilar, — deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot kotibi Fotima Madrahimova. — Ombudsmanlar vakolatlari bo‘yicha ko‘plab o‘xshashliklar bor ekan. Masalan, har ikkala Ombudsmanda ham fuqarolar manfaatida sudga da’vo arizasi kiritish huquqi mavjud. Shuningdek, uchrashuvda Milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari bo‘yicha fikr almashildi. Ombudsman Feruza Eshmatova o‘tgan yillar davomida inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining huquqiy maqomi muntazam takomillashib borgani, uning faoliyat qamrovi va vakolatlari kengaygani, inson huquqlarini ta’minlashda Ombudsmanga berilgan yangi ta’sirchan choralar haqida to‘xtaldi.
Muloqot yakunlariga ko‘ra, har ikkala davlat fuqarolari murojaatlarini ko‘rib chiqishda Ombudsmanlar hamkorligini mustahkamlashga kelishib olindi. Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuvlar, albatta, Ombudsman faoliyatining samaradorligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA