Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi: muloqot maydonidan amaliy hamkorlikka
Samarqand shahridagi Registon majmuasi Mirzo Ulug‘bek madrasasida 28-sentabr kuni Toshkentda boshlangan inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining yakuniy yalpi majlisi o‘tkazildi.
Ushbu an’anaviy xalqaro tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, YeXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bu galgi forum “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik” mavzusiga bag‘ishlandi. Uning tantanali ochilishi, yuqori darajadagi va Milliy markaz yubileyiga bag‘ishlangan yalpi majlislari, shuningdek, 7 ta shu’ba sessiyalari Toshkent shahrida o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbari Akmal Saidov ushbu tadbirlar yuqori saviyada, barcha ishtirokchilarning yuksak faolligi asosida o‘tganini qayd etdi.

– Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumiga asos solinganiga bu yil 8 yil to‘ldi, – dedi A.Saidov. – An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Dastlab 2018-yilda Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi o‘tkazildi. 2020-yilda yoshlar huquqlariga, 2022-yilda esa inson huquqlari sohasidagi ta’lim masalalariga bag‘ishlangan forumlar tashkil etildi. 2024-yilgi to‘rtinchi Samarqand forumida ekologik tahdidlar va ularning inson huquqlariga ta’siri muhokama qilindi. Beshinchi Samarqand forumi ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomi bo‘ldi. Tadbirlar doirasida 100 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, bildirilgan fikrlar shuni ko‘rsatdiki, Samarqand forumi bugun inson huquqlari bo‘yicha muloqot maydonidan amaliy hamkorlikka xizmat qiluvchi nufuzli tadbir darajasiga ko‘tarildi.
Forum qatnashchilari qayd etganidek, bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘langan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda.
Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi dasturi ham aynan shu maqsad va vazifalarga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan tashabbuslar va takliflar inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash nuqtai nazaridan umumlashtirildi va “Samarqand tasavvuri – 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global hamkorlik” nomli yakuniy hujjat loyihasi tayyorlandi. Hujjatda xalqaro huquq normalari asosida inson huquqlarini samarali himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, ayollar, bolalar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari huquqlarini muhofaza qilish, sun’iy intellekt va boshqa raqamli platformalardan foydalanishda tenglik va shaffoflikka erishish, har bir bir insonning toza va musaffo atrof-muhitda yashashi, iqlim o‘zgarishlari ta’siridan himoyalanishini kafolatlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Qayd etilishicha, mazkur hujjat inson qadr-qimmati va tenglikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotni rag‘batlantirish yo‘lida xalqaro hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-31673]
Forum ishtirokchilarining e’tirof etishicha, ushbu yirik xalqaro tadbirni o‘tkazishdan kutilgan maqsad va natijalarga erishildi. Bu nimalarda namoyon bo‘ladi?
Birinchidan, xalqaro majburiyatlarni ijro etish, taraqqiyot huquqini ilgari surish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni mustahkamlash va barqaror rivojlanishga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ikkinchidan, hukumatlar, BMT, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi.
Uchinchidan, milliy standartlarni amalga oshirish, institutsional innovatsiyalar va asoslangan qarorlar qabul qilish bo‘yicha tajriba almashinuvini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.
To‘rtinchidan, xalqaro majburiyatlarni bajarish, idoralararo muvofiqlashtirish hamda milliy mexanizmlar faoliyatining salohiyatini oshirish borasida sezilarli qadamlar qo‘yildi.
Beshinchidan, barcha inson huquqlari, ekologik muammolar, iqlim harakatlari, raqamli texnologiyalar, gender tenglik va zaif qatlamlarni himoya qilishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi kompleks yondashuvlar shakllantirildi.
Eng muhimi, Samarqand forumining global miqyosdagi nufuzi va inson huquqlarini samarali ta’minlashdagi tutgan o‘rni yanada yuksaldi.
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilari chinakam mehmondo‘stlik ko‘rsatilgani va tadbirlar yuksak darajada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdilar.

Anjuman qatnashchilari uchun Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat tashkil etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari