Innovatsiyalar taraqqiyotga eltadi
Mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish bu yilgi Davlat dasturining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan.
Zero, o‘g‘il-qizlarimizni kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha chuqur o‘qitish hududlarda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan farmatsevtika, neft, gaz, kimyo, tog‘-kon, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini jadal rivojlantirishga turtki beradi hamda pirovardida xalqimiz turmush sharoiti va daromadlarini oshirishga puxta zamin hozirlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Talaba va o‘quvchilar orasida kimyoviy texnologiya bo‘yicha fan festivali tashkil etildi.

Har bir davlatning barqaror taraqqiyoti hamda rivojlanishi inson omiliga, xususan, yosh avlodning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, aholisining katta qismini yoshlar tashkil etuvchi mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizdagi iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligini ta’minlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur Yoshlar akademiyasining “Startaplar” , “G‘oyalar generatorlari”, “Biznes vakillari” va “Bo‘lajak akademiklar” kabi 4 ta platformasi mavjud.

Hozirgi kunga qadar hududlardan iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasida Yoshlar akademiyasining 2 ming 600 dan ortiq a’zolari mavjud. Ushbu platformalar a’zolari geologiya, biologiya, matematika, fizika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish, turizm, sohalarida o‘z loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
– Yoshlarni yuksak axloq va intizomli qilib tarbiyalash, ularning sifatli ta’lim olishi va vatanparvarlik ruhida voyaga yetishi mamlakat iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining kaliti hisoblanadi, – deydi innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sh.Turdiqulova. – Bu esa ijtimoiy barqarorlik va muvaffaqiyat asosidir. Mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan. Alohida qayd etishim lozimki, innovatsiyalar taraqqiyotga eltadi.

Tadbirda talaba va o‘quvchilar orasida kimyoviy texnologiya bo‘yicha fan festivali doirasida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarga Yoshlar akademiyasining a’zolik sertifikatlari topshirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA