Innovatsion menejment: amaliyot va samara
Andijon davlat universitetida “Innovatsion menejment” bo‘yicha o‘quv-trening kurslari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Inovatsion rivojlanish vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, Toshkent davlat iqtisodiyot hamda Andijon davlat universitetlari hamkorligida tashkil etilgan o‘quv trening mashg‘ulotlarida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, davlat boshqaruvi sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘quv trening ochilishida so‘z olgan Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i N. Haydarov, Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri E. Xolmirzayev, Andijon davlat universiteti rektori A. Yuldashev mamlakatimizda innovatsion menejment sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan kursning maqsad va vazifalari xususida ma’lumot berdi.
Trening mashg‘ulotlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mutaxassislarining «Mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti va raqobat muhitini ta’minlashda innovatsion menejmentning zarurligi», «Xalqaro ilmiy platformalarda maqolalar chop etishning zamonaviy usullari», «Ilmiy-tadqiqotlarga davlat buyurtmasi, tanlov mavzulari va ilmiy loyihalarni shakllantirish tartibi, muammo va yechimlari» mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi, bu boradagi yangiliklar, innovatsion ish uslublari haqida keng va batafsil tushunchalar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, innovatsion menejment sohasini rivojlantirish, bu boradagi ilg‘or ish uslublarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Innovatsion o‘quv-trening kursi ishtirokchilarning sohaga oid bilim va malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashishga xizmat qildi.
[gallery-1537]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA